Roziy
Roziy (to’liq nomi Abu Bakr Muhammad ibn Zakariyo ar-Roziy) (865.28.8 — Ray — 925.26.10) — Sharqning qomusiy olimi, tabib va mutafakkir. O’rta asr Yevropasida lotincha Razes nomi bilan tanilib, tabobat sohasida o’z davrining Jolinus (Galen)i deb sanalgan. Shuningdek, kimyo, botanika, matematika, astronomiya, mantiq va falsafa kabi fanlarni chuqur o’rgangan; adabiyot va musiqa bilan ham shug’ullangan. Roziy bir qancha vaqt Ray va Bag’dod shifoxonalarini boshqargan. U O’rta Osiyo, jumladan, Buxoro ilm ahllari bilan ilmiy muloqotda bo’lgan. Ko’z kasalligiga uchrab, umrining oxirida ko’r bo’lib qolgan. Roziyning tabobatga oid asarlaridan 36 tasi bizgacha yetib kelgan. U terapiya, xirurgiya, diagnostika, sanitariya-gigiena, farmakognoziya, farmakologiya, anatomiya, psixologiya kabi ilmlarni yangi g’oya va ixtirolar bilan boyitgan. Tabobat bilan bog’liq bo’lgan botanika, mineralogiya va kimyo fani sohasida qam ancha muvaffaqiyatlarga erishgan. Roziyning eng muhim asarlaridan biri “kitob alhoviy fittib” (“tibbiyotga oid bilimlar majmuasi”) nomli to’plamidir. Unda antik davrdan to Roziy zamonasigacha bo’lgan nazariy va amaliy ma’lumotlar berilgan (asarning ayrim qismlari Rossiya Fanlar Akademiyasi sharqshunoslik instituti Sankt-Peterburg qo’lyozmalar fondida, Myunxen, London, Oksford, Kembrij, Eskurial (Ispaniya), Istanbul va Tehron kutubxonalarida saqlanmoqda). Roziyning tabobatga oid yana bir yirik asari — “al-Kunnosh almansuriy” (“Mansurga bag’ishlangan to’plam”) dir. Bu ham juda ko’p nazariy va amaliy masalalarni o’z ichiga olgan (qo’lyozma nusxalari Rossiya Fanlar Akademiyasi sharqshunoslik institutining Sankt-Peterburg fondida, shuningdek, Parij va Tehron kutubxonalarida saqlanmoqda). Asar 16-asrgacha Sharq tabiblari va Yevropa shifokorlarining asosiy qo’llanmalaridan biri bo’lib, unga ko’p sharxlar yozilgan. Roziy “Kitob al-judariy valhasba” (“chechak va qizamiq haqida kitob”) asarida tibbiyot tarixida birinchi bo’lib, chechak va qizamiq kasalliklarining boshqa yuqumli kasalliklardan farqi va tarifi berilgan; Roziy chechak bilan bir marta kasal bo’lgan kishi ikkinchi marta bu kasallikka duchor bo’lmasligini aniqlagan va chechakka qarshi emlash kerak degan fikrga kelib, uni amalga oshirgan. Roziy o’z davri tabobatini diagnostika va davolashning yangi usullari bilan boyitdi; jarrohlikda birinchi bo’lib ketgut (qo’y ichagidan tayyorlangan ip) ishlatdi. Roziy mashhur kimyogar bo’lib, kimyo faniga oid 26 ta asar yozgan, biroq, bizgacha ularning 4 tasigina etib kelgan. Bular orasida “kitob ulasror” (“sirlar Kitobi”) va “kitob sirr ilasror” (“sirlar siri kitobi”) asarlari alohida o’rin tutadi; “kitob ulasror”da o’rta asr Sharq kimyosi o’zining to’la ifodasini topgan. Roziyning bu asarlari uning nazariy jihatdan bir metallni ikkinchi metallga kimyoviy yo’l bilan aylantirish mumkinligiga ishonganini ko’rsatadi. Garchi amaliy jihatdan uning nazariyasi utopik bo’lsada, oltin va kumush hosil qilish yo’lidagi urinishlari tufayli Roziy qozirgi kimyoni bir qancha yangi moddalar, asboblar va kimyoviy amallar bilan boyitdi. Roziyning tibbiyot va kimyo sohalariga oid asarlari o’rta asrlarda Sharq va G’arbda shu sohalarning rivojlanishiga katta ta’sir ko’rsatgan. Falsafiy-ijtimoiy qarashlari. Roziy o’rta asr Yaqin va o’rta Sharq xalqdari falsafasida mavjud bo’lgan ta’limotlarning birortasiga bog’liq bo’lmagan holda borliq va uning mohiyati haqida o’z mustaqil ta’limotini yaratdi. Uningcha, borliq — yagona bir-biriga bo’ysunmagan 5 mustaqil boshlang’ich mohiyat (yaratuvchi, jon, vaqt, makon, materiya)dan vujudga kelgan. Bularning har biri borliqning vujudga kelishi va mavjud bo’lib qolishida “zaruriy vujud”lardir. Roziy materiya, makon, zamonni yaratuvchi va jon bilan bir xil zaruriy mohiyat deb hisoblab, moddiylikni ilohiylikka, ilohiylikni moddiylikka bo’ysundirmadi. U o’z davrining yirik tabiatshunosi sifatida moddiy olam hodisalari va jarayonlarini materiya va uning xususiyatlari bilan izohlashga harakat qildi, o’z natur-falsafiy qarashlarida ma’lum darajada ilmiy nuqtai nazarga yaqinlashdi. O’rta asr falsafasi uchun erishgan eng katta yutuqlaridan biri — Roziyning narsalar moddiy atom zarralardan tuzilgani haqidagi ta’limotidir. U Demokrit va Epikur atomistik ta’limotini o’rta asrlarda birinchi marta qayta tikladi. Uningcha, materiya dastlab “bo’linmas zarralar (atom) holatida bo’ladi”, ular “og’irlik va tanaga ega”, “moddiy zarralarning bo’shliq zarralari bilan qo’shilishi” natijasida 4 unsur: tuproq, suv, havo va olov paydo bo’ladi. Atomlarning moddiyligi, abadiyligi va ob’yektivligi tufayli ulardan vujudga kelgan moddiy olam ham ob’yektiv va abadiydir. Roziy zarralarning o’z-o’zidan harakati masalasini tushunmadi va muayyan narsalarning vujudga kelish jarayoni asosida materiya yotsa ham, bu jarayon jonning materiyaga intilishi va u bilan birikishi tufayli yuz berishi haqidagi dualistic nuqtai nazarda turadi. Roziy makon va zamonni ham substantsiya deb tushunadi, bu bilan ularni materiyadan va bir-biridan ajratadi. Roziyning bundan maqsadi ularning ob’yektivligini ta’kidlashdir. Roziy bilish nazariyasida moddiy olam hodisalarining inson sezgi a’zolariga ta’sir etib unda aks etishi, tashqi olam bilish ob’yekti, inson esa bilish sub’yekti ekanini ta’kidlaydi: “Sezgi — seziluvchi narsalarning sezuvchiga ta’siri”. Roziy bilishning eng kuchli quroli sifatida aklga yuqori baho beradi. Uningcha, insonning ijodiy faoliyati faqat aql tufaylidir. “Aql bizni olijanoblikka yetaklaydi, hayotimizni go’zallashtiradi, maqsadlarimizga yetkazadi”. Roziyning axloqqa oid 3 asari “Kitob tibb arruhoniy” (“ruhiy tabobat”), “Kitob siyrat alfalsafiya” (“falsafiy hayot tarzi”), “maqola Fi amorot iliqbol vaddavla” (“davlatmandlik va baxtiqbol haqida”) bizgacha yetib kelgan. Roziy Suqrotni axloq sohasida o’zining va barcha faylasuflarning ustozi deb hisoblaydi. Roziy ratsional (aqliy) Gedonizm tarafdori bo’lib, dunyo noz-ne’matlaridan aqlga muvofiq va me’yor bilan lazzatlanishni yoqlaydi. O’rta asr manbalarida Roziy dinning ayrim aqida va tamoyillariga salbiy munosabatda bo’lgani hamda payg’ambarlik haqida aqidaga zid bo’lgan asar yozgani ta’kidlanadi. Lekin, uning tabiiy-ilmiy merosi va falsafiy qarashlari yaqin va O’rta Sharq xalqlari ma’naviy merosida muhim ahamiyatga ega bo’lgan. Roziyning ilmiy merosini birinchi marta o’rgangan olim Abu Rayhon Beruniydir. Beruniy Roziyning tarjimai holi, dunyoqarashi va asarlarini tadqiq etib, “fehrist kugub Muhammad ibn Zakariyo ar-Roziy” (“Muhammad ibn Zakariyo ar-Roziy kitoblarining ro’yxati”) asarini yozgan. Roziyning asosiy asarlari o’rta asrlardayoq G’arbiy Yevropada mashhur bo’lgan, ba’zilari lotin va boshqalar. Yevropa tillariga tarjima qilinib, keng o’rganilgan. Keyingi davr olimlarining, jumladan, o’zbekistonlik olimlarning tadqiqotlarida Roziy asarlarining ilmiy jamoatchilikka ma’lum bo’lmagan qo’lyozma nusxalari va ularning tarjimalari aniqlanmoqda, ayrim asarlari nashr etilmoqda. Ad.: Karimov U. I., Neizvestnoe sochinenie arRazi “Kniga tayni tayn”, T., 1957; Kadirov A.A., Saipov U.T., Abu Bakr Razi, T., 1963; Usmanov M.A., Zakariyya arRazi, v knige “iz filosofskogo naslediya narodov Vostoka”, T., 1972; Abu Bakr Roziy va uning shogirdi yozib qoldirgan kasalliklar tarixi, T., 1974; Karimov S.U., IX—XI asrlarda kimyo va dorishunoslik fanlari taraqqiyotida Markaziy Osiyo olimlarining o’rni, T., 2002. Surayyo Karimova, Mirjalol Usmonov.