Rojiy
Rojiy (taxallusi; asl ism- sharifi Muhammad Yusuf Mahzum ibn Xo’jamberdi; 19-asr 30-yillari — Xiva — 20-asr boshi) — shoir, tarjimon va xattot. She’rlarining yetakchi mavzui — ishq-muhabbat. Mumtoz adabiyot an’analarini ijodiy davom ettirgan, unga yangi mavzu va obrazlar olib kirgan. G’azallarida ma’rifatparvarlik g’oyalarini targ’ib qilgan, kishilarni saxovatpeshalikka, kamtarinlikka undagan (“Choy”, “bel og’riq”, “kelur”, “bois” va boshqalar). Navoiy, Fuzuliy, Husayniy, Komil Xorazmiy, Ziyrak va boshqalar g’azallariga muxammaslar bog’lagan. Xorazm xoni Sayd Muhammadxon (1856-65), Muhammad Rahimxon II (1865-1910) ga bag’ishlab qasidalar bitgan. “Ravzat ussafo” (Mirxond)ning 4-5-boblarini va bir qancha adabiy asarlarni fors tilidan o’zbek tiliga tarjima qilgan. 200 misradan ortiq she’rlari 3 devonida bizgacha etib kelgan. Xattotlik qilgan, tanburni yaxshi chalgan. Devoni qo’lyozmalari O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti qo’lyozmalar fondida saqlanadi (inv. №922, 1119, 1271). Ad.: Yunusov Yu., Xorazm shoirlari, T., 1967; Murodov A., O’rta Osiyo xattotlik san’ati tarixidan, T., 1971.