Rovno
Rovno — Ukrainaning Rovno viloyatidati shahar. Viloyatning ma’muriy, iqtisodiy va madaniy markazi (1939 yildan). Uste daryosi (Pripyat havzasi) bo’yida. Temir yo’l va shosse yo’llar tuguni. Aeroport bor. Aholisi 245 ming kishi (1997). Shahar 1282 yildan ma’lum. 14-asrning 2-yarmidan Litva va Polsha, 1793 yildan Rossiya imperiyasi, 1921-39 yillarda Polsha tarkibida. 1939 yilda G’arbiy Ukraina tarkibida USSR bilan birlashtirildi. 1941-44 yillar nemis fashistlari qo’lida, 1944 yil 2 Fevralda ozod etildi. Rovno kustar tipidagi korxonalari bo’lgan uezd shahardan Ukrainaning sanoat markazlaridan biriga aylandi. Mashinasozlik va metallsozlik (yuqori voltli elektron apparatura, traktor ehtiyot qismlari, stanoklar va boshqalar), kimyo (“Azot” ishlab chiqarish birlashmasi), yengil (zig’ir tola kombinati, tikuvchilik fabrikasi), oziq-ovqat (sabzavot quritish-konserva, go’sht kombinatri, sut zavodi) sanoatlari korxonalari bor. Mebel, qurilish materiallari ishlab chiqariladi. Pedagogika, suv xo’jaligi muhandislari intlari, Kiev Madaniyat institutining madaniyatma’rifat fakulteti, 2 teatr (shu jumladan, musiqali drama teatri), filarmoniya, 2 muzey (shu jumladan, tarix-o’lkashunoslik muzeyi) bor. Uspenie cherkovi (1756), klassisizm uslubidagi gimnaziya binosi (1839) kabi me’moriy yodgorliklar, fashizm qurbonlari xotirasiga bagishlangan yodgorlik (1968), jangovar shonshuhrat memoriali (1975) mavjud.