Rim, qadimgi Rim
Rim, qadimgi Rim — qadimgi davlat. Rivoyatga ko’ra, Rim shahriga aka-uka Romul va Rem tomonidan miloddan avvalgi 754/753 yilda asos solingan. Rivoyatlarda 8 — 6-asrlarda hukmronlik qilgan 7 podshoh qayd etilgan. So’nggi podshoh Tarkviniy takabbur quvilgach, respublika tuzumi o’rnatilgan (miloddan avvalgi 510/509 yil). Miloddan avvalgi 3-asr o’rtalariga kelib, butun Italiya hududini tobe etgan Rim yirik davlatga aylangan. U O’rta dengiz havzasida Gegemon bo’lishga intilgan, bu Rimni Karfagen bilan to’qnashuviga sabab bo’lgan. Puni urushlaridan so’ng miloddan avvalgi 146 yil Karfagen ustidan g’alaba qozongan Rim, O’rta dengiz havzasining eng yirik davlatiga aylangan. Yirik yer egaligi va qulchilikning rivojlanishi dehqonlar ommasini xonavayron bo’lishiga, qishloq kambag’allari, qullar qo’zg’olonining avj olishiga (Spartak qo’zg’oloni) sabab bo’lgan; Rim shahri ko’chalarida fuqarolar urushi boshlanib ketish xavfi tug’ilgan. Rimning ijtimoiy-siyosiy hayotida miloddan avvalgi 1-asrda armiya va uning yo’lboshchilari (L. K. Sulla, G. Mariy, G. Pompei va boshqalar) katta rol o’ynay boshlaganlar. 49-45 yillardagi fuqarolar urushi davrida Tsezar davlatning mutlaq hukmdoriga aylangan; 44 yil respublika tarafdorlarining fitnasi natijasida Tsezar o’ldirilgan. Fuqarolar urushining yangi davri Oktavian g’alabasi bilan tugagan. U miloddan avvalgi 27 yil Senatdan avgust unvonini olgan. Avgust hukmronligi davridan boshlab Rim imperiyaga aylangan. Milodiy 2-asrda Trayan davrida imperiya sarhadlari o’zining yuqori cho’qqisiga etgan. Bosib olingan erlarda mahalliy aholining qo’zg’olonlari, ayni vaqtda varvarlarning mamlakat hududiga bostirib kirishlari bir qancha provintsiyalarni mustaqil bo’lib ajralib chiqishiga va imperiyani Sharqiy va G’arbiy qismlarga bo’linib ketishiga (395) olib kelgan. 476 yil german yollanma askarlari Sardori Odoakr G’arbiy Rim imperiyasining so’nggi imperatori Romul Avgustulni taxtdan ag’dargan. Sharqiy Rim imperiyasi Vizantiya nomi bilan yana 1000 yilga yaqin mavjud bo’lgan. Tarbiya va Maorif . Qadimgi davrlarda bolalar oilada tarbiyalangan. Miloddan avvalgi 5-asrda ibtidoiy maktablar vujudga kelgan. Bolalar maktabga 7 yoshdan qabul qilinib, 4-5 yil o’qitilgan. Uyda va maktabda lotin, yunon tillari, yozish, o’qish, hisob o’rganilgan. Bolalar dastlab xonadonlarda o’qituvchi yollab o’qitilgan, keyinchalik maktablarda ta’lim berishning yangi tizimi shakllandi. Miloddan avvalgi 2-asrning 60-yillarida grammatika, ritorika maktablari vujudga keldi. Milodiy 1-asrda qizlar uchun grammatika maktablari tashkil topdi. Ritorika maktablarida 13-19 yoshdagi bolalar o’qitildi. Bu maktablar, asosan, notiqlik san’atini o’rgatar edi. Maktablarda huquq, falsafa, tarix, she’riyatdan ta’lim berilar edi. 2-asrdan huquqshunoslik guruhlari tashkil topdi. Imperator Mark Avreliy davrida (2-asr) Afinada oliy maktablar tashkil etildi. Bunday maktablar keyinchalik Rimning g’arbiy viloyatlarida ham vujudga keddi. Respublika davrida ta’lim xususiy tarzda olib borildi, unga davlat aralashmadi, biroq imperiya davrida u nazorat ostiga olindi. O’qituvchilar davlat xizmatchilari bo’lib, maosh oladigan bo’ldilar. 362 yildan boshlab o’qituvchilarni imperator tasdiqladi. Madaniyati. Rim shahar-davlatdan yirik O’rta dengiz davlatiga aylanguncha murakkab taraqqiyot bosqichlarini bosib o’tdi. Afina, Iskandariya, Pergam va boshqalar yunon ilmiy va madaniy markazlar ham shu davlat tarkibiga kirib, etrusk, yunon, shuningdek, ellinizm davri madaniyatlari ta’sirida boyidi. Din va mifologiya. Qadimgi rimliklar juda ko’p Xudolarga e’tiqod qilganlar, turli narsalarning, masalan, buloq, o’rmon, daraxt, joylarning va ekinlarning ilohiy homiysi — ma’budasi mavjud deb ishonganlar. Bu ma’buda va homiylar dastlab qiyofasiz, keyinchalik etrusk va yunon dinlari ta’sirida inson qiyofasida tasvir etilgan. Ularga qurbonlik qilib turilgan (Masalan, hosilni oshirishni so’rab sigir qurbonlik qilingan). Ibtidoiy dinlarga e’tiqod qilgan kishilar chakalakzor, tog’, maydonlarda ibodat qilganlar (shu yerlarda mehroblar ishlangan). Ibodatxonalar qurish odati Rimliklarga etrusklardan o’tgan. Mars (dastlab dala va hosil xudosi, keyinchalik — urush Xudosi), Diana (yunonlarda — Artemida; ov ma’budasi), Venera (bog’, hosildorlik ma’budasi, keyinchalik — Afrodita — muhabbat va go’zallik ma’budasi), fortuna (kismet ma’budasi), Feroniya (yer ma’budasi) kabi Xudo (ma’buda)larga umumitalyan xalqlarining xudolari deb qaralgan. Ayrim xudolarga ma’lum tabaqalar, ma’lum kasb egalari ko’proq e’tiqod bilan qaraganlar. Masalan, chavandozlar Neptunga, savdogarlar Merkuriyga, qullar Dianaga ko’proq e’tiqod qilishgan. Yunon madaniyati ta’sirida ko’pgina diniy urfodatlar tarqalgan. Miloddan avvalgi 3-asrda yer osti xudolari sharafiga har 100 yilda bir marta o’yinlar, har yili esa ekin xudosi Saturn sharafiga dala ishlari tugagandan so’ng dekabrda bayram o’tkazilgan. Miloddan avvalgi 2-asr oxiri — 1-asrlarda Isida (qadimgi misrliklarning hosildorlik va onalik ma’budasi), Osiris (qadimgi misrliklarning o’simlik, oy, Nil suvlari xudosi, shuningdek, narigi dunyoning podshosi deb ham e’tiqod qilingan) kabi Sharq ma’budalariga ham e’tiqod qilina boshlandi. Miloddan avvalgi 1— milodiy 1-asrlardan hukmronlik qilayotgan va ilohiylashtirilgan marhum imperatorlarga sig’inish joriy qilindi. Qullar va kambag’allar rasmiy xudolardan tashqari ko’proq mehnat ahli rahnamosi deb bilgan Pan (cho’ponlar homiysi, chorvachilik xudosi), Silvan (o’rmon, dala Xudosi) kabi xudolarga ibodat qilishardi. Asta-sekin Sharq xudolariga e’tiqod va ishonch kuchaydi. Shu tarzda Rim dinlari tushkunlikka uchrab, 4-asr oxirlarida imperator Feodosii 1, turli ma’jusiy urf-odatlarni man qildi, shu bilan Rim dinlari barham edi. Falsafasi. Ellinizm davri Yunoniston falsafasi ta’sirida rivoj topdi. Rim falsafasining ilk davri polis mafkurasining inqirozi bilan bog’liq bo’lib, bu paytlarda tafakkur din va mifologiyadan xalos bo’ldi (miloddan avvalgi 3-1-asrlar). Kar Lukresiy (miloddan avvalgi 99-55)ning “Narsalarning tabiati haqida” poemasida Epikur (miloddan avvalgi 342— 270) ta’limotini yoqladi, atomistik materializmni she’riy shaklda tavsifladi, mayda zarralar — atomlardan tashkil topgan olam hamisha harakatda deb ta’kidladi, uning bu asari materializm rivojida muhim ahamiyatga ega bo’ldi. Imperiya vujudga kelgan davr (miloddan avvalgi 1-asr — milodiy 1-asr)da imperiya va imperator shaxsiyati ilohiylashtirildi, 4— 5-asr faylasuflari Platon va Aristotel asarlarini tashviq qildilar. Tabiiy — ilmiy qarashlar. Rim Respublikasi davrining lotin ilmiy adabiyoti yodgorliklari juda ham kam. Miloddan avvalgi 1-asrda Aristotel asarlariga sharxlar yaratilgan. 1-asr oxirlarida astronomiya va matematikaga qiziqish ortgan. Ptolemeyning mashhur “Almagest” asarida (2-asr) olamning geosentrik sistemasi bayon etildi. Sharqda astrologiya keng tarqalgan. Diafantning “Arifmetika” (taxminan 3-asr), 3-4-asrlarda Papp Aleksandriyskiyning “matematika to’plami” asarlari mashhur bo’lgan. Ilmiytexnika adabiyotlari, asosan, qishloq xo’jaligi, veterinariya, harbiy texnikaga bagishlandi. Miloddan avvalgi 1-asr oxirida Vitruviyning “arxitektura haqida 10 kitob” asari shuhrat qozondi. Harbiy texnika sohasidagi boy tajriba: lager va qal’alar qurish masalalari adabiyotlarda yoritildi. Tibbiyot bilan bog’liq ravishda botanika rivoj topdi. Dioskoridning 600 dorivor o’simlik haqidagi bayoni o’rta asrlarda ham keng foydalaniddi. Vrach, anatom, fiziolog Galen butun Yevropada tibbiyot rivojida katta rol o’ynadi. Ilmiy adabiyotlar qiziqarli qilib badiiy yozilganligi bilan ham diqqatga sazovor. Rim davlatining hududiy o’sishi miloddan avvalgi 3-1-asrlarda geografiya bilimlari taraqqiyotiga imkon berdi. Imperator avgust davrida jahonning katta geografik xaritasi ishlandi. Miloddan avvalgi 37-yilda 1-jamoat kutubxonasi tashkil qilindi, imperiyaning oxirgi asrida ularning soni 28 taga yetdi. Huquq fani. Qadimgi Rimda miloddan avvalgi 3-asr va milodiy 3-asrlarda huquq keng rivoj topib, qonunlar yaratishda yuristlar katta rol o’ynadilar. 1-3-asrlarda turli ijtimoiy tabaqalarning qarashlarini aks ettirgan 2 huquq maktabi — Respublika tuzumi tarafdorlari bilan printsipat tarafdorlari o’rtasida kurash davom etdi, bu noahillik sud ishlariga ham o’z ta’sirini ko’rsatdi. Avgustdan boshlab imperatorlar yirik yuristlarni hal qiluvchi ovozga ega qilib, yuridik konsultasiyalarni ularga topshirdilar. Imperator xizmatida bo’lgan bu yuristlar o’z navbatida imperatorlarning cheksiz huquqlarini himoya qildilar. Tarix fani rivoji yilning muhim voqealari tavsiflangan annallardan boshlanadi. Miloddan avvalgi taxminan 130-yilda annallar 80 kitobdan iborat bo’lib “Katta annallar” nomi bilan tayyorlangan. Ilk tarixchilar annalchilar deb atalgan. Dastlabki yetuk tarixchi Polibiy (miloddan avvalgi 2-asr) Yunoniston, Makedoniya, Kichik Osiyo, Suriya, Karfagen va Rimning 40 kitobdan iborat tarixini yaratdi. Tit Liviyning “Rim tarixi”, Yuliy Tsezarning Galliya urushlari, fuqarolar urushi haqidagi kitoblari, Sallyustiy, Korneliy Nepot (miloddan avvalgi 1-asr) kabi sarkardalarning ko’p sonli biografik asarlari ma’lum. Imperiya davrida Korneliy Tasit (1-2-asr boshlari) badiiy-didaktik ruhdagi “annallar” va “Tarix” (Avgustning vafotidan Domisianning vafotigacha, 14-yildan 96-yilgacha bo’lgan voqealar) nomli asarlarini yaratdi. 2-asr boshlarida tarixiy-biografik janr rivojlandi. Plutarx, imperator Adrianning kotibi bo’lgan Svetoniylar atoqli kishilarning biografiyalarini yaratdilar. Yunon tarixchilaridan Appian (2-asrning 2-yarmi) Rimdagi fuqarolar urushi tarixini, Dion Kassiy qadimgi davrlardan 229-yilgacha bo’lgan Rim tarixini yaratdilar. Antik davrning so’nggi yirik tarixchisi Ammian Marsellin (4-asr) imperator Yulian davri tarixiga oid asarlari bilan mashhur. Imperiyaning so’nggi davrida xristian tarixchiligi vujudga keldi. Adabiyotining eng qadimgi namunalari (miloddan avvalgi 5-4-asrlar) saqlanmagan. Keyingi ma’lumotlarga qaraganda u davrlarda she’riyat (ibodat, nikoh qo’shiqlari, marsiyalar) asosiy o’rin egallagan. Miloddan avvalgi 2-asr oxirlaridan Rim lirikasining ilk asarlari maydonga keldi. Shu davrlarda yaratilgan asarlardan Plavt va Terentiy komediyalari to’la saqlangan. Tsitseron faoliyati Rim adabiyoti uslubining shakllanishida muhim rol o’ynadi. Lukretsiy, Katull muhabbat va do’stlik mavzularidagi she’rlari bilan tanildilar. Imperiyaning ravnaqi va inqirozi davri (1-3-asr)da Rim madaniyati Yunon madaniyati bilan parallel, lekin mustaqil rivojlandi. Bu davrda Ovidiy “muhabbat ilmi”, “Metamorfozalar” kabi o’lmas asarlari bilan Rim adabiyoti rivojiga salmoqli hissa qo’shdi. Adabiyot yangi uslublar bilan boyidi. 4-5-asrlarda xristian adabiyoti rivojlandi. Teatr san’atining vujudga kelishi hosil bayramlari tantanalari bilan bog’liq. Miloddan avvalgi taxminan 33-yillarda xalq hajviy tomoshalari vujudga kelgan. Bunday tomoshalar — atellanalar ko’pincha 4 doimiy personajdan iborat bo’lib, dastlabki paytlarda niqob kiygan yoshlar, keyinchalik professional artistlar ijrosida namoyish qilingan. Miloddan avvalgi 240 yillarda yunon originallari asosida ilk dramalar, keyinroq yunon mualliflarining tragediya, komediyalari sahnalashtirilgan. Miloddan avvalgi 2-1-asr boshlarida quyi tabaqalarga mansub Rim fuqarolarining hayoti aks ettirilgan tomoshalar ko’rsatila boshladi. Ilk tosh teatr binosi miloddan avvalgi 55—52-yillarda qurildi. Artistlar ozod qilinganlar va qullardan iborat bo’lib, truppalarga uyushgan. Erkaklar ayol rollarini ham bajarishgan. Respublikaning so’nggi asrida tragik aktyor Ezop va komik aktyor Rossiy shuhrat qozongan. 1-2-asrlarda raqslar sahnalashtirildi, siyosiy voqealarga oid tomoshalar ham ko’rsatila boshladi. Asta-sekin maishiy kichik ko’rinishlar murakkab syujetli spektakllarga aylana bordi. Tsirklarda tomoshalar, amfiteatrlarda gladiatorlarning janglari bilan bir qatorda ovchilarning hayvonlar bilan olishuvlari, ommaviy ov lavhalari, dengiz janglari va boshqalar ham ko’rsatila boshladi. Imperiya davrida badiiy dramalar o’rniga qon to’kiladigan tomoshalarga ishtiyoq kuchaydi. Rim teatri, ayniqsa, dramaturgiyasi jahon teatri va dramaturgiyasi rivojiga katta hissa qo’shdi. Musiqasi. Ellinizm madaniyati ta’sirida rivojlangan Rim musiqasida tantanavor (g’alaba bilan bog’liq), to’y, ziyofat, diniy marosim qo’shiqlari bo’lgan. Imperiya davrida poytaxtga ko’p mamlakatlardan ijrochilar (yunon, Suriya va bobillik sozandalar, aleksandriyalik ashulachi, Andalusiyalik raqqosalar va hokazolar) to’plangan. Rimda puflama sozlardan tibiya (lotincha avlos), buktsina, Tuba va boshqalar, torli sozlardan kifara, Arfa tipidagi psalterium trigonon (uchburchak Arfa), sambika, lira turlaridan barbitos, Pektis, magadis, urma sozlardan kimvol va boshqalar, shuningdek, gidravlos bo’lgan. Qadimgi Rim cholg’u musiqasi rivojida teatr janri — pantomima muhim rol o’ynagan. Tsirk va teatr aktyorlari katta xor ansambllari, orkestrlar jo’rligida chiqishgan. Harbiy legionlarning puflama sozlar orkestrlari bo’lgan. Shoir, ashulachi va sozandalar musobaqalari o’tkazilgan. Arxi tekturasi, tasviriy va amaliy-bezak san’ati antik badiiy madaniyatning so’nggi, yakunlovchi davri hisoblanadi. Rimda arxitektura, haykaltaroshlik va rassomlik san’atida realizm kuchaydi, ularda Yunoniston san’atidagidek afsona (mif)lar emas, tarixiy shaxslar, voqealar ko’proqaks ettirildi. Rim san’atining qadimgi davrida Etruriya san’atining ta’siri kuchli bo’ldi. Puni urushlari va oxirgi respublika davri (miloddan avvalgi 31-asrlar) san’atida Buyuk Yunoniston (Janubiy Italiya) va rimliklar istilo qilgan Sharqiy yunon shaharlari san’ati bilan uyg’unlikda rivoj topdi. Binolar ulug’vor qurildi, turar joylar tabiatga yaqinlashtirilib barpo qilina boshladi (ayniqsa, shahardan tashqaridagi villalar), miloddan avvalgi 2-asrdan boshlab betondan foydalanildi, bu binolarni arzon va tez qurishga, shakllari turli-tuman bo’lishiga imkon berdi. Miloddan avvalgi 2-1-asrlarda tomoshaxonalar, teatrlar takomillashtirildi, tomoshabinlar o’tiradigan joylar galereya, zinapoyalar bilan sahnadan, tomosha ko’rsatiladigan mayd.dan ajratildi. Tasviriy san’atda miloddan avvalgi 3-1-asrlarda portret haykal rivoj topdi, shaharlar rasmiy kishilar va qahramonlarning haykallari bilan bezatildi. Respublika davrida tarixiy mavzularda releflar ko’p ishlandi, monumental bezak rassomligi, mozaika, qimmatbaho toshlarni badiiy ishlash san’ati yuksaldi. Qadimgi Rim me’morligining yuksak ravnaqi imperiya gullab-yashnagan davrga to’g’ri keladi. Binolarning monumentalligiga (arkalar, toqli, gumbazli binolar) ahamiyat berildi, imoratlar haykaltaroshlik, rassomlik san’ati asarlari bilan jozibadorlashtirildi. Arxitektura imperator shaxsiyatini ulug’lashga va imperiya qudratini ko’z-ko’z qilishga xizmat qildi. (Rimda avgust forumi, miloddan avvalgi 1-asr oxiri va milodiy 1-asr boshlari). 1-asr o’rtalarida saroylar o’ta hashamdor qilib qurildi. Ulkan gumbazli Panteon kabi ulug’vor binolar, yirik amfiteatrlar bunyod etildi. Imperatorlardan Trayan davrida haykallarda qahramonlik ko’proq ifodalangan bo’lsa, Adrian va Antoniy hukmronligi yillarida obrazlarda psixologik teranlik ko’zga tashlandi. Bezak rassomligida engil naqshlar, kichik syujetli rasmlar ishlashga ko’proq ahamiyat berildi (63-yilgacha), keyin murakkab arxitektura kompozisiyalari ko’proq aks ettirildi. 2-asrdan oq-qora tosh mozaikasi keng tarqaldi. Imperiya davrida amaliy bezak san’atida metallni badiiy ishlash, qizil sirli sopol idish va buyumlar, shisha buyumlar tayyorlash avj oldi. Imperiya tushkunlikka uchragan davr (3— 4-asrlar)da viloyatlarda yangi forumlar, yirik ibodatxonalar ko’plab qurildi. Qadimgi Rim an’analari Rim qurilishlarida rivojlantirildi. Haykaltaroshlikda shartlilik keng o’rin ola boshladi. 3-4- asrlarda miniatyura (yupqa zar qog’ozga ishlab 2 qavat shisha orasiga o’rnatiladigan) portretlar ishlash, xristian afsonalari aks ettirilgan syujetli releflar bilan bezatilgan marmar sarkofaglar tayyorlash san’ati rivoj topdi. Ad.: Sergeenko M., Jizn Drevnego Rima, M. — L., 1964; Utchenko S. L., Krizis i padenie Rimskoy Respubliki, M., 1965; Sokolov G., Iskusstvo Drevnego Rima, M., 1971; Alimuhamedov A., Antik adabiyo’t tarixi, T., 1975. Muhammadjon Rahimov, Abduxalil Mavrulov.