Rovoch, rivoch
Rovoch, rivoch (Rheum) — torondoshlar oilasiga mansub ko’p yillik o’tsimon o’simliklar turkumi, sabzavot ekini. Asosan, Osiyoda o’sadigan 50 ga yaqin turi bor. O’zbekistonda 3 turi yovvoyi holda o’sadi. Dehqonchilikda sabzavot Rovoch (R. undulatum) turi Yevropa mamlakatlari, AQSh, Xitoy, O’rta Osiyoda ekiladi. Ildizi yo’g’on, sertarmoq, ildizpoyali. Poyasi tik, bo’yi 2 metrgacha boradi. Bargi yirik, oddiy, bandi uzun (1,5 metrgacha), sersuv, nordon, yeyishli, limon va olma kislotasiga boy. Gullari mayda, to’pguli ro’vaksimon. Gultojbargi 6 ta, oqishpushti yoki qizil. Mevasi 3 qirrali, qizilqo’ng’ir pistacha. Barg bandi ko’klamdan boshlab iste’mol qilinadi, undan souslar, kompot, kisel, murabbo, konfet, kvas tayyorlashda foydalaniladi. Ayrim turlarining ildizi qadimdan oshlovchi modda sifatida ishlatiladi. Ildizi va ildizpoyasi tarkibida 3-6% antraglikozid, 6-12% oshlovchi boshqa moddalar bor. Panjasimon Rovoch (R. palmatum) dorivor o’simlik sifatida o’stiriladi. Iddizidan tayyorlangan preparatlar (kukun, damlama va nastoykalar) surunkali kabziyat hollarida surgi sifatida ishlatiladi. Rovoch urug’i, ko’chati va ildiz bachkilaridan ko’paytiriladi. Ekilganidan keyin 2yildan barg bandi olib ishlatiladi. Hosildorligi 6—7-yili 250-400 ts/ga.