Romanov saroyi, Knyaz Romanovning saroy va ov qo’rg’oni
Romanov saroyi, Knyaz Romanovning saroy va ov qo’rg’oni — Toshkentdagi me’moriy yodgorlik. Roman-vizantiya me’morligi uslublashtirilib, ovchilar qo’rg’oniga o’xshatib qurilgan (1883-1906, me’mori A. Benua va V. Geyntselman). 1907 yilda hovli atrofi metall panjara bilan o’ralib, otxona, xizmatchilar uyi barpo etilgan. Hovlida ohu, ot haykallari o’rnatilgan. Romanov saroyi P — tarhli, 2 asosiy qism va binoning bosh tarziga bo’rttirib ishlangan portik (peshayvon)dan iborat. Bosh tarzining markazidagi xona 2 qavatli, tomi gumbazli, 4 burchagiga bezakli nayzasimon minoralar ishlangan. Uyning pastki qismini ravoqli omborxona va xo’jalik xonalari egallagan. 1-qavatda knyazning qashamatli uyi, qabulxona joylashgan. Klraverishdagi vestibyul orqali mehmonxonaga o’tilgan. Yon qanotidagi aylanma zinadan 2-qavatdagi uncha katta bo’lmagan xonaga, undan boloxonaga o’tiladi. Boloxonaning 2 yoniga ovchi it haykali ishlangan. Vestibyulning 2 tomonidagi xonalar oynavand bo’lib, markazdagi xonalar bilan o’zaro bog’langan. G’arbiy burchagidagi gumbazli xona “sharqona”, Sharqiy qanotidagi xona (zal) “Yevropacha” bezatilgan. Bosh tarzidagi derazalar ravoqli gotika uslubida ishlangan. Sharqiy zalni bezashda Namangan, Buxoro, Samarqand, Toshkent ustalari qatnashgan. Romanov saroyida dastlab Turkiston xalq universiteti muzeyi, keyinchalik Respublika Markaziy badiiy muzeyi (1924), Respublika pionerlar saroyi (1934-80), O’zbekiston zargarlik san’ati buyumlari muzeyi (1980-93) joylashgan. 1993 yildan ta’mirlanib, tashqi ishlar vazirligining qabul marosimlarini o’tkazish uchun moslashtirilgan.