Robot

Robot (chexcha robota — erksiz mehnat, rob — qul) — insonning hayoti uchun xavfli sharoitlar (kuchli radiasiya, yuqori temperatura va boshqalar)da, odam borishi qiyin bo’lgan ob’yektlarda (suv ostida, Kosmosda) kishi funktsiyasini qisman yoki to’la bajaruvchi mashina. “Robot” terminini birinchi marta 1920 yilda Chex yozuvchisi K. Chapek o’zining “R. U. R.” pyesasida ishlatgan. Robotlar, asosan, 3 turga bo’linadi: qat’iy dastur asosida ishlaydigan Robot, odam (operator) boshqaradigan Robot va sun’iy intellektli (integralli) Robot. Ish bajarish turiga qarab, Robot manipulyatorlar, axborot uzatuvchi Robot, odimlovchi Robot va boshqalarga bo’linadi. Robotlarning tashqi ko’rinishi ham, xatti-harakatlari ham odamni eslatadi, ya’ni ular antropomorf (odamsimon) mashinalar hisoblanadi va boshqa mashinalardan shu xususiyati bilan farq qiladi. Robotlar texnikasining asosiy 2 yo’nalishi mavjud: sanoatda ishlatiladigan va favqulodda (ekstremal) sharoitda ishlatiladigan Robotlar texnikasi. Sanoatda ishlatiladigan Robot, Masalan, Robotmanipulyatorda “mexanik qo’llari” va tashqi boshqarish pulti yoki o’ziga o’rnatilgan dasturli boshqarish qurilmasi, EHM (kompyuter) bo’ladi. Operator Robot qo’llarining harakatini bevosita yoki televizor ekranidan kuzatib boshqaradi. Ko’pincha Robot avtomatik boshqarish tizimi bilan jihozlanadi. Robotmanipulyatorlar, asosan, kishi salomatligi uchun xavfli bo’lgan (ekstremal) sharoitlarda qo’llaniladi. Robotlar jarayonlarni avtomatlashtirishning eng samarali vositasi hisoblanadi. Robotlardan foydalanish sohalari borgan sari kengayib bormokda. Masalan, Yaponiyada 6 ming metrgacha chuqurlikda ishlay oladigan Robot”geolog”, notani “o’qib” elektr gitara chaladigan Robot “mashshoq”, Avstraliyada qo’y junini qirqadigan Robot “sartarosh”, AQSh da suv ostida ishlay oladigan Robot “g’avvos” yaratilgan. Germaniyada esa Robotlar polisiyada ishlaydi (ularga portlovchi moddalar o’rnatilgan mashinalarni ochish vazifasi topshiriladi). Avtomobilsozlik rivojlangan barcha mamlakatlarda (shu jumladan, O’zbekistonda) Robotlar mashinalarni yig’ishda (ayniqsa, payvandlash ishlarida) qatnashadi. Ixtirochilar avtomobilni boshqara oladigan Robotni yasash bilan shug’ullanishmokda. Bunday Robotning varianti Volkswagen (VW) zdida (Germaniya) yaratilgan. “Klaus” laqabli ushbu Robot 2000 yilda namoyish qilingan. U boshqa Robotlar kabi 2 qo’l va 2 oyokdi emas, balki 3 qo’l va 3 oyoqqa ega. Bu Robot 2002 yilgi ko’rgazmada ham ishtirok etdi, lekin hali amalda qo’llanilganicha yo’q. Bunday Robotlar ustida Yaponiyada ham tajribalar olib borilmoqda. “Soni” kompaniyasi (Yaponiya) sun’iy intellektli “Aybo” (“o’rtoq”) nomli Robotni yaratdi (2004). U uydagi ko’p ishlarni (mebelni surish, Oynani artish, telefon jiringlaganda uy egasini chaqirish va boshqalarni) bajaradi. Mirkomil Mirboboyev.