Rikardo (Ricardo) David

Rikardo (Ricardo) David (1772.19.4, London — 1822.11.9, Glostershir grafligi) — ingliz iqtisodchisi, klassik iqtisodiy maktab namoyandasi. Dastlab 1793-1812 yillarda tijorat ishlari bilan shug’ullanib katta boylik orttirdi, keyinchalik ilmiy faoliyat bilan shug’ullandi. 1819-23 yillarda Angliya parlamentining a’zosi. Rikardoning ilmiy ishlari ish haqi, foyda va renta masalalariga bag’ishlangan. Uning iqtisodiyot fanidagi tarixiy o’rni, birinchi navbatda, kapitalizmning iqtisodiy munosabatlarini qiymatning mehnat nazariyasi nuqtai nazaridan tadqiq etishni boshlab berganligidan iborat. Rikardo tovar qiymatining yagona manbai ishchining mehnati bo’lib, aholining daromadlari — ish haqi, foyda, foiz, rentalar shu tovar qiymatiga asoslanadi, deb qaradi. Rikardo “Siyosiy iqtisod va soliqqa tortish asoslari” (1817) asarida ishchining ish haqi bilan sohibkorning foydasi o’rtasidagi nisbatning teskari proportsionalligini asoslab, ishchi va kapitalist iqtisodiy manfaatlarining zid ekanligini ko’rsatadi. Rikardo shug’ullangan asosiy masalalardan biri — yaratilgan ijtimoiy mahsulotning asosiy 3 sinf — sanoatchilar (foyda), ishchilar (ish haqi), yer egalari (Renta) o’rtasidagi taqsimoti muammosi bo’lgan. Rikardo renta nazariyasini asoslab berdi. Rikardo nazariya va amaliyotda erkin savdo tarafdori bo’lgan. Rikardo Angliyaning tashqi aloqalari uning iqtisodiyotida katta rol o’ynashini alohida o’rgandi. U birinchilardan bo’lib ayrim tovarlarni ishlab chiqarishgina emas, balki mamlakatlar o’rtasida xalqaro mehnat taqsimoti va ixtisoslashuvning ahamiyati katta ekanligini ko’rsatdi, tashqi savdoda qiyosiy afzalliklar nazariyasini asoslab berdi. As: sochinenie, t 1-5, M., 1961. Ad.: Razzoqov A., Toshmatov Sh ., O’rmonov N., Iqtisodiy ta’limotlar tarixi, T., 2002.