Reper

Reper (Fransuzcha Gerege — belgi, nishon, dastlabki nuqta) — 1) (geodeziyada) — asosiy sathiy yuzaga nisbatan nivelirlash orqali balandligi aniqlangan nuqtani mahkamlash belgisi. Reperning fundamental va oddiy xillari bor. Fundamental Reper 1 darajali nivelir yo’llarida har 50-80 kilometr oraliqda, 2-darajali yo’lning muhim joylarida va dengiz hamda okeanlar suvi sathini o’lchash joylarida, gruntlar qatlamiga tik o’rnatilgan temir-beton ustunlar bilan mahkamlab qo’yiladi. Oddiy Reper (devoriy Reper) barcha nivelir yo’llarida har 5 — 7 kilometrda gruntlar qatlamiga, mustahkam bino yoki inshootlar devoriga o’rnatiladi. Reper balandligining uzoq muddatga o’zgarmay saqlanishini ta’minlashda ularning asosi, gruntining mavsumiy muzlash chuqurligini hisobga olgan holda o’rnatiladi. O’zbekiston hududida Reper balandligi Kronshtadt futshtogi (ko’prik-to’sinida mahkamlab qo’yilgan mis plastinkaga tushirilgan gorizontal shtrix)ga nisbatan hisoblanadi va maxsus “balandliklar ro’yxati”ga yozib qo’yiladi. Mamlakat hududida o’rnatilgan fundamental va oddiy Reper jami davlat nivelir tarmog’ini tashkil qiladi. Davlat nivelir tarmog’ining Reperlari topografik s’yomkalarni bajarishda, qurilishda va turli tadqiqot ishlarida yer nuqtalarining balandligini aniqlashda boshlang’ich nuqta (tayanch) bo’lib xizmat qiladi. 2) artilleriyada — mo’ljalga olinadigan nishonga to’g’rilashda foydalaniladigan qo’shimcha nuqta. Bevosita nishonni mo’ljalga olishning imkoni bo’lmagan yoki noqulay bo’lgan hollarda Reperdan foydalaniladi; 3) matematikada — ma’lum tartibda olingan va umumiy bosh nuqtadan chiquvchi hamda bir tekislikda yotmaydigan chiziqli bog’lanmagan vektorlar. Ularning soni fazo o’lchoviga teng bo’lishi kerak. Chiziqli algebra Reper bazis deb yuritiladi. Differentsial geometriyada fazoviy egri chiziqning har bir nuqtasi bilan bog’langan qo’zg’aluvchan Reper muhim. Bu egri chiziqning qaralayotgan nuqtasidagi urinmasi, bosh normali va binormali bo’yicha yo’nalgan birlik vektorlaridan iborat.