Reparatsiya

Reparatsiya (genetikada) — fizik-kimyoviy omillar ta’sirida zararlangan DNK molekulasi tabiiy (nativ) strukturasining o’z-o’zidan qayta tiklanishi. Reparatsiya barcha organizmlar hujayrasi uchun xos bo’lib, hujayraning maxsus fermentlari ishtirokida amalga oshiriladi. Reparatsiya ultrabinafsha va ionlovchi nurlar ta’sirida zararlangan bakteriyaning DNK molekulalarida yaxshi o’rganilgan. Reparatsiyaning 3 xil asosiy mexanizmi: fotoreparatsiya (fotoreaktivasiya), ekssizion Reparatsiya va postreplikativ Reparatsiya aniqlangan. Fotoreparatsiya ultrabinafsha nurlar ta’sirida DNK molekulasida hosil bo’ladigan tsiklobutan dezoksiribopirimidin — fotoliaza fermenti yordamida parchalanishidan iborat. Ekssizion Reparatsiya — DNKning zararlangan joyini aniqlash, uni kesib tashlash va matrisa asosida kesilgan joyni qayta sintez qilib, DNK zanjirining izchilligini tiklash. Postreplikativ Reparatsiya replikatsiyagacha DNKda paydo bo’lgan, lekin ekssizion replikasiyada barcha jarohatlangan joylarni tiklash imkoniyati bo’lmagan takdirda ishga tushadi. Bunday hollarda jarohatlangan molekulalarning yangilanishi bir zanjirli kemtik (nuqsonli) molekulalarning paydo bo’lishiga olib keladi; nativ (tabiiy) strukturani tiklash esa rekombinatsiya orqali amalga oshiriladi. Reparatsiya jarayonining fermentlari reduplikasiya, rekombinasiya va mutatsion jarayonlar reaktsiyalarini kataliz qilishda ham ishtirok etadi. Mutatsion jarayonda hujayrada xatolikka yo’l qo’yishga moyil bo’lgan induktsion Reparatsiyaning o’ziga xos tipi ishga tushadi. Natijada DNK ning tabiiy strukturasi tiklanadi, ammo undagi genetik axborotda xatoliklar paydo bo’ladi. Reparatsiyaga to’sqinlik qiluvchi mutatsiyalar ko’pincha mutatsion jarayonning tezligini oshirishi yoki kamaytirishi mumkin. Bir qator irsiy kasalliklar (pigmentli kseroderma, ataksiya — teleangiektaziya, progeriya) Reparatsiya sistemasi nuqsonlari bilan bog’liq. Reparatsiyada nuqsonlarga ega bo’lgan va jarohatlovchi omillarga nisbatan juda sezgir bakteriya va zamburug’shtammlaridan genetik toksikologiyada indikatorlar sifatida foydalaniladi. Radiobiologiyada Reparatsiya tushunchasi ultrabinafsha va ionlovchi nurlardan zarar ko’rgan biologik ob’yektlarning qayta tiklanishidan iborat. Ko’p hujayrali organizmlarda Reparatsiya nurlanishidan zararlangan organ va to’qimalarning regeneratsiyasi shaklida namoyon bo’ladi. Abdukarim Zikiryoyev.