Rivera (Rivera) Diego
Rivera (Rivera) Diego (1886.8.12, Guanaxuato — 1957.25.11, Mexiko) — meksikalik rassom; Meksika monumental rang-tasvir maktabi asoschilaridan. Mexiko (18961902), Madrid (1907) Bada o’qigan. Parij (1909-21)da ishlagan. Italiyada bo’lgan (1920-21). 1930-34 va 1940-yillar AQShda yashagan. Riveraning monumental rang-tasviri tashviqiy-targ’ibot va ma’rifiy mazmunga ega; siyosiy va falsafiy g’oyalar osongina idrok qilinadigan portret yoki ramziy tasvirlarda aks ettirilgan. Rivera Italiyada Uyg’onish davri an’analari hamda qadimgi Meksika san’atiga bo’lgan qiziqishi asosida o’zining uslubini ishlab chiqqan. Mexikodagi Milliy saroyning yuqori qismidagi qadimgi Meksika ko’rinishini aks ettirgan devoriy rasmlarda Yevropa va Meksika san’ati uyg’unlashgan (1940— 50 yillar). So’nggi yillarda yaratgan asarlari (freska, mozaika va boshqalar) rang-barang, axborotlarga boy, undagi lavha, ramz va boshqalar yagona bir ma’noga birlashgan. Binolar tarziga sintetik materiallardan ishlangan rang-tasviri (mozaika, releflarni o’z ichiga olgan) umumiy bezak g’oyasiga bo’ysundirilgan (“Insurxentes teatri”, 1951-53; Mexikodagi Olimpiya stadioni, 1952-53 va boshqalar).