Radiolokatsiya
Radiolokatsiya (radio va lotincha locatio — joylashish) — fan va texnikaning quruqlik, suv yoki fazodagi ob’yektlarni radiotexnika usuli bilan topish va turgan joyini (vaziyatini) va boshqa parametrlarini aniqlash bilan shug’ullanadigan sohasi. Ishi radioto’lqinlar, akssado, signallar va boshqalarning to’siq (ob’yektlar) dan qaytishiga asoslangan Radiolokatsiyada o’ta yuksak chastotali radiosignallardan foydalaniladi. To’lqinlar maxsus antennalar bilan ob’yekt tomonga tarqatiladi va qabul qilinadi. Radiolokatsiya uzatkichi to’lqinlarni qisqaqisqa portsiyalar tarzida tarqatadi. Radiolokatsiya qabul qilgichi (priyomnigi) ob’yektdan qaytgan to’lqinlarni qabul qiladi. Qaytgan to’lqinlar asosida operator ob’yekt o’rnini aniqlaydi. Radiolokatsiya stansiyasidan ob’yektgacha bo’lgan masofa D= 0,5 ct (s=300000 km/sm — radioto’lqin tezligi, t — to’lqinning ob’yektga borib qaytish vaqti). Radiolokatsiyadan har qanday ob-havo sharoitida foydalanish mumkin. Radioto’lqinlarning biror ob’yektdan qaytish hodisasini birinchi marta G. Gers kuzatgan (1886-89). 1897 yil A. S. Popov radioto’lqinlar yo’lini kesib o’tuvchi kemaning signal kuchiga ta’sir etishini sezgan. Nemis muhandisi K. Xyulmayer, amerikalik muhandislar A. Teylor va L. Yung, angliyalik G. Breyt va M. Tyuv, sovet olimlari M. M. Lobanov, Yu. K. Korovin va boshqalar fanni rivojlantirgan. Qaytgan signallar bo’yicha ob’yektning uzoqligi ikki usul bilan o’lchanadi. Birinchi (impuleli) usuli impulsni nurlatish va ob’yekt qaytargan impulsning kechikish vaqtini nurlatilgan impulsga nisbatan o’lchashga asoslangan. Ikkinchi usuli zondlash nurlatishi va ob’yektdan qaytishi bilan bog’liq bo’lgan ikkita uzluksiz to’lqinlar interferentsiyasini kuzatishga asoslangan. Ob’yektlarni pelenglash ularni bir punktdan kuzatib va to’lqinlarni ma’lum masofaga surilgan antennada qabul qilib amalga oshiriladi. Bir punktdan kuzatiladigan Radiolokatsiya qurilmalarida signallar amplitudasini taqqoslash yo’li bilan pelenglash usuli keng qo’llaniladi. Oddiy holda antennaning ikki vaziyatdagi yo’naltirilgan diagrammasida ob’yektdan qaytgan signallar amplitudalarini taqqoslash yetarli; bunda signallarning ishorasi va qiymati bo’yicha farqi ob’yektga yo’naltirilgan signalning to’g’ri yuboriladigan (xatolik nolga teng bo’lgandagi) signalga nisbatan og’ish qiymati va ishorasi haqidagi xulosa chiqarishga imkon beradi.