Radiatsiya

Radiatsiya (lotincha radiatio — nurlanish) — yadroviy o’zgarishlar oqibatida vujudga keladigan elektromagnit va korpuskulyar nurlanishlar, Quyosh nurlanishi, kosmik nurlar oqimlari. Radiatsiyaning tirik organizmga ta’siri Radiatsiya dozasi bilan belgilanadi. Rentgen (r) bilan o’lchanadi. Radiatsiya miqdori singuvchi radiatsiya va boshqa radioaktiv nurlanishlarning shikastlovchi ta’siriga bog’liq. Bir kunda 20 r gacha Radiatsiya kishi organizmi uchun xavfsiz doza hisoblanadi. Bundan ortiq miqdordagi Radiatsiya organizmdagi to’qimalarni shikastlab, kishini nurlanish kasalligiga mubtalo qiladi. Radiatsiya dozasi dozimetrik asboblar yordamida o’lchanadi. Radioaktiv modda (a, r~, u nurlar, neytronlar va boshqalar) va boshqa ionlovchi nurlanish manba (roentgen qurilma)lari bilan ishlaganda ularning zararli dozasini xavfsiz nurlanish dozasigacha kamaytirish uchun tadbirlar kompleksi ishlab chiqilgan. Berk nurlanish manbalari (Germetik nurlanish manbalari, roentgen qurilmalari, tezlatkichlar va boshqalar) dan atrof muhitga radioaktiv moddalar tarqalmaydi. Bunday manbalar bilan ishlaganda organizmga faqat tashqi nurlanish ta’sir qiladi. Tashqi nurlanish dozasini kamaytirish uchun nurlanish maydonida ishlash vaqtini minimal holatga keltirish, uzoq masofada turish va manba yoki ob’yektni ekranlash kerak. Ochiq nurlanish manbalari bilan ishlaganda radiaktiv moddalar nafas yo’li, oshqozon, ichak yoki teri orqali organizmga kirishi va organizm ichdan nurlanishi mumkin. Ichki nurlanish dozasini kamaytirish uchun texnologik uskuna va ish joyini germetiklash, ventilyasiya tizimlariga filtr qo’yish, shaxsiy himoya vositalaridan foydalanish va radiatsion gigiena qoidalariga amal qilish zarur. Radioaktiv modda va boshqa ionlovchi nurlanish manbalari bilan ishlaydigan hamma korxonalarda radiasiya xavfsizligi xizmati (RXX) radiatsion nazorat olib boradi.