Rang
Rang ( tasviriy san’atda) — rangtasvirning asosiy ifoda va tasvir vositasi. Rang orqali rassom mavjud borliqni o’ziga xos xususiyatlari bilan haqqoniy aks ettiradi. Jahon san’ati taraqqiyotida borliq Rangini aks ettirishning turli uslub va tizimlari shakllangan, biroq hammasining asosida Ranglarni bir-biri bilan aralashtirib, yangi Rang hosil qilish uslubi yotadi. 7 xil kamalak (spektr) Rangini bir-biriga aralashtirish orqali 280 dan ortiq Rang tuslanishini hosil qilish mumkin. Rang inson ruhiyatiga kuchli ta’sir etuvchi vosita bo’lib, u insonda quvonch va mayuslik, tetiklik yoki g’amginlik, xotirjamlik yoki bezovtalik tuyg’ularini uygotishi mumkin. Rassom uchun Rangning ana shu kuchi muhim omil bo’lib, ular asarning g’oyaviy-plastik yechimida muxim rol o’ynaydi. Tabiatdagi bor Ranglar axromatik va xromatik Ranglarga bo’linadi. Axromatik Ranglarga oqdan to’q qoragacha bo’lgan bo’yoqlar, qolganlari xromatik (qizil, sariq, ko’k va hokazolar) Ranglarga kiradi. Xromatik Ranglar o’z navbatida issiq (qizil, sariq, zarg’aldoq) va sovuq (ko’k, moviy, binafsha), shuningdek, har ikkisiga kiruvchi (binafsha, yashil) Ranglarga ajratiladi. Rangtasvirda issiq va sovuq Ranglarning o’zaro uyg’unligi asarning rang tizimi — koloritni tashkil qiladi, shuningdek, asar kompozisiyasini tashkil etuvchi unsur va vosita hisoblanadi. Iliq Rang yaqinlik, sovuq Rang uzoqlik tuyg’usini berishi asarda masofani ko’rsatish (ayniqsa, manzara janri)da qo’l keladi. Tasviriy san’at tarixida Rangdan foydalanish jamiyat taraqqiyoti bilan birga rivojlanib borgan. Ibtidoiy jamoa rassomi o’z “asar”ini mavjud tabiiy Rang (yog’och ko’miri, olov kuyasi)dan foydalanib ishlagan, jamiyat rivoji bilan Rang — pigment va bog’lovchilar ortib borgan, Rang ishlab chiqarish usuli rivojlangan: quldorlik davrida murakkab Rang (akvarel, tempera, enkaustika) texnologiyasi ishlab chiqilgan. O’rta asrlar oxirida moybo’yoq texnologiyasi paydo bo’lgan, shu davrdan Rang tuslanishi ham ortib avvalgi lokal, yassi Rang o’rnini nursoya yordamida o’zgaruvchi, tuslanuvchi Ranglar tizimi egallagan. Buyumlarning to’laqonli hajmli ko’rinishini aks ettirish, fazoviy bo’shliqni Rang orqali o’zlashtirish kuchayib borgan. 19-asr 60-70-yillaridan yorqin (spektr) Ranglarga yaqin Ranglarni yonmayon qo’yish asosida kartinalar yaratila boshlandi. Bunday asarlarni ma’lum masofadan kuzatish lozim. Avangard san’ati (abstrakt san’at, simvolizm, syurrealizm va boshqalar)da Rang majoziy, ramziy mazmunga ega bo’ldi, ko’p hollarda asarning asosiy mazmuni va g’oyasini tashkil etdi. Ranglar o’lchami, shakli, o’rni o’zida sirli, falsafiy mazmunni yoritishga qaratildi.