Radishchev Aleksandr Nikolayevich

Radishchev Aleksandr Nikolayevich [1749.20(31).8, Moskva — 1802.12(24).9, Peterburg] — rus yozuvchisi va faylasufi. Peterburgdagi pajlar korpusi (1762-66) va Leypsig universitetining huquqshunoslik fakulteti (1766-71)da o’qigan. Radishchev dunyoqarashining shakllanishida frantsuz ma’rifatparvarlarining asarlari muhim ahamiyatga ega bo’lgan. 1771 yilda Radishchev Senatga protokolchi etib tayinlangan va shu vaqtda Mablining “Yunon tarixi haqida o’ylar” kitobini rus tiliga tarjima qilgan. 1773-75 yillarda diviziya prokurori bo’lib ishlagan, Pugachyov qo’zg’oloni shafqatsizlik bilan bostirilgach (1775), iste’foga chiqib, turli joylarda xizmat qilgan. 80-yillarda rus ma’rifatparvarlari harakati qizg’in tus olganda Radishchev ular bilan hamkorlik qilgan. Uning rus xalqi tarixi bo’yicha mushohada va mulohazalarining mahsuli sifatida “Lomonosov haqida so’z” (1780), “do’stimga xat” (1782, Pyotr 1 haykalining ochilishi munosabati b-n) makrlalari, “erkinlik” qasidasi (1783) va boshqa asarlari maydonga kelgan. 1790 yil esa Radishchev ijodining “gultoji” — “Peterburgdan Moskvaga sayohat” asari Radishchevning o’z bosmaxonasida 650 nusxada chop etilgan. Ammo kitob musodara etilib, Radishchevning o’zi Sibirga surgun qilingan. Radishchev Yekaterina II vafotidan keyin ozodlikka erishib (1796), otasining Nemsovo qishlog’idagi qo’rg’oniga ko’chib borgan. 1801 yil esa u krnunlar tuzish komissiyasiga ishga jalb etilgan. Radishchev “Peterburgdan Moskvaga sayohat” asarida 18-asr oxiri rus voqeligidagi ijtimoiy ziddiyatlarini teran ochib bergan. Radishchevning bu va boshqa asarlaridagi inqilobiy ruh sovet davrida yuqori baholangan va Radishchev sovet mafkurasining bayroqdorlaridan biriga aylangan.