Qo’qon
Qo’qon — Farg’ona viloyatidagi shahar. Farg’ona vodiysining g’arbiy qismida, So’x daryosi (tarmog’i)ning quyi oqimida joylashgan. Temir yo’l stantsiyasi. Qo’qon Janubdan katta Farg’ona kanali o’tadi. Aholisi 211 ming kishi (2004, 1879 yilda 18,4 ming, 1926 yilda 68,4 ming, 1939 yilda 85 ming, 1959 yilda 105 ming, 1979 yilda 158 ming kishi). Mahalliy tarixchi va arxeologlar orasida shaharning yoshi 2 ming yildan ortiq degan taxmin mavjud. Qo’qonga oid dastlabki ma’lumotlar 10-asr yozma manbalarida uchraydi. Etimologiyasi haqida turli taxminlar bor [masalan, Istaxriy va Ibn Havqal asarlarida “Havokand” (Ho’kand) shaklida, ya’ni “go’zal”, “yoqimli” yoki “shamol shahri” ma’nosida uchraydi]. Keyingi asrlarda “Ho’qandi latif” degan atama ham ishlatilgan. Undan tashqari “balandlikdagi shahar”, “hular shahri” [ya’ni, “hu (ku) qabilasi — elati shahri”] versiyalari ham bor. Qadimgi Xitoy qo’lyozmalarida Qo’qon nomi “Guyshan”, “Xo’xan” tarzida ifodalangan. Qo’qonning 18-asrgacha bo’lgan siyosiy tarixi haqida ma’lumotlar juda oz. Qo’qon podsho Rossiyasi qo’shinlari tomonidan zabt etilganda Qo’qon xonligi arxivining ko’p qismi olib ketilgan. Qo’qon qadimda Hindiston va Xitoyga boriladigan karvon yo’lida joylashgan. 13-asrda mo’g’ullar tomonidan butunlay vayron qilingan. Shundan keyin 18-asrgacha Qo’qon kichik aholi turar joyi sifatida mavjud bo’lgan. 1709 yil Qo’qon xonligi tashkil topgach, 1711 yil Eskiqo’rg’on qal’asi o’rnida hozirgi Qo’qon shahriga asos solindi, istehkom va qal’a barpo etildi. 1732 yil Abdurahimbiy bu ishni nihoyasiga yetkazdi va shaharni xonlik poytaxtiga aylantirdi. Shu davrdan boshlab shahar Qo’qon deb atala boshladi. Shaharning mustahkam devori, 12 darvozasi (Xo’jand, G’oziyog’liq, quduqliq, Sarmozor, Namangan, Chimyon, So’x, Marg’ilon, Rishton, Mo’yimuborak, Qatag’on, Isfara) bo’lgan. Qo’qon hududi 12 ma’muriy bo’lak (daha)ga taqsim qilingan. Shaharda 3 mingga yaqin xonadonda 31 ming kishi yashagan. Norbo’tabiy davrida (1766-98) ravnaq topdi, Sharqning savdo-sotiq va hunarmandchilik markazlaridan biriga aylandi. Olimxon hukmronligi davrida (1801 — 1810) esa Qo’qonning siyosiy mavqei kuchaydi. Umarxon (1810-22) va uning o’g’li Muhammad Alixon (1822-42) hukmronligi davrida Qo’qon fan, madaniyat, adabiyot va san’at markaziga aylandi. 1842 yil Qo’qon Buxoro amiri Nasrulloxon tomonidan bosib olindi. Qo’qon xonligi rus qo’shinlari tomonidan ishg’ol etilib, Turkiston general-gubernatorligiga qo’shib olingach (1876), Qo’qon yangi tashkil etilgan Turkiston general-gubernatorligining Farg’ona viloyati ma’muriy markazi bo’ladi. Viloyat markazi yangi Marg’ilon (hozirgi Farg’ona shahri) ga ko’chirilgandan keyin (1877 yil 27 aprel), Farg’ona viloyati uezd shahri, so’ng vodiyning eng yirik shaharlaridan biri bo’lib qoldi. Qo’qon qadimdan hunarmandchilik markazi bo’lgan. Qo’qonda misgarlik, zargarlik, o’ymakorlik, qurolsozlik, kulolchilik, qog’ozgarlik, badiiy to’qimachilik, do’ppichilik, kashtachilik, temirchilik, ko’priksozlik kabilar rivoj topgan. Qo’qon gazmollari Sharqda va Rossiyada mashhur bo’lgan. Ayniqsa, Qo’qon qog’ozi hunarmandchilikning alohida tarmog’i sifatida nom qozongan. Rus tabiatshunosi A.P. Fedchen-koning ta’riflashicha (1871 yilda), O’rta Osiyodagi eng sifatli qog’oz Qo’qonda ishlab chiqarilgan. Shahar hayotida savdo muhim o’rin tutgan va ichki hamda tashqi savdoga bo’lingan. Shahar rus qo’shinlari tomonidan zabt etilgach, podsho Rossiyasi hukumati bu yerda Rossiya manfaati uchun zarur bo’lgan paxtachilik sanoatini rivojlantirishga ahamiyat berdi. 19-asr oxiri — 20-asr boshlariga kelib shahar va uning atrofida 31 paxta tozalash, 5 yog’-moy, 7 pilla quritish va 2 ipak qurti urug’i zavodlari bunyod etilib, ishchilar soni 3000 kishiga yetgan. Turkiston Umumrossiya tovar muomalasiga tortilishi natijasida bir qancha shaharlar, jumladan, Qo’qonda ham paxta xarid qilish va uni tashish bilan shug’ullanuvchi rus va chet el shirkatlari (“Andreev shirkati”, “Rossiya jamiyati”, “Kavkaz va Merkuriy”, “Eron savdo-sanoat shirkati”, “Sharqiy jamiyat” va boshqalar) tashkil qilingan. 1913 yilda Qo’qonda 5 mingdan ortiq savdo do’koni, 44 karvonsaroy, 20 bozor, 10 bank, kasalxona, tug’ruqxona va 2 dorixona ishlab turgan. Xonlik davrida Qo’qonda 52 madrasa faoliyat ko’rsatib, ulardan dastlabkisi “Madrasai xishtin” (1729) bo’lsa, so’nggi qurilgani “So’fiyon” (1891) madrasasidir. 20-asr boshida Qo’qonda 120 ta eski maktab, o’ndan ortiq jadid maktabi, 3 ta rus-tuzem maktabi, temir yo’l va savdo-tijorat maktablari va boshqa o’quv maskanlari bor edi. 20-asrning boshlarida Qo’qonda “sadoi Farg’ona”, “yangi Farg’ona”, “Qo’qon sadosi” gazetalari chop etila boshladi. 1917 yilning kuzida Qo’qonda “Turkiston muhtoriyati e’lon qilindi. Ammo ko’p vaqt o’tmay bu ozodlik harakatining markazi Qo’qon bolsheviklar tomonidan qonga botirildi (1918 yil Fevral). Tarixiy ma’lumotlar bo’yicha bu qirg’inda 10 mingdan ziyod kishi qurbon bo’lgan. 1918 yilda Qo’qonda sho’rolar hokimiyati o’rnatildi. 2-jahon urushi yillarida Qo’qon mehnatkashlari frontga kiyim-kechak, oziq-ovqat, dori-darmon jo’natib turdilar. Shahar aholisi front uchun 10,7 million so’m pul jamg’arib berdi. Qo’qonlik jangchilardan 2 ming 682 tasi sobiq Sovet Itshfoqining orden va medallari bilan mukofotlandi, 12 tasi Sovet Ittifoqi qahramoni unvoniga sazovor bo’ldi. Qo’qon Farg’ona viloyatining (Farg’ona shahridan keyin) 2 – o’rindagi sanoat, transport va madaniy markazidir. Shaharda 22 ishlab chiqarish korxonasi mavjud. Shulardan 2 paxta tozalash zavodi, “Ulug’bek”, “Qo’qonadyol”, “Shohi-atlas to’qish”, “ko’nchi”, “Zilol”, “Qo’qonyog’moy”, “Qo’qonnon”, “Qo’qon- go’sht”, “Qo’qonspirt”, “Mastona” korxonalari, motor ta’mirlash, marmar, mexanika, “Elektromash” zavodlari, mashinasozlik, g’isht, ishlab chiqarish, superfosfat, “Qo’qon” ishlab chiqarish, mebelsozlik, qurilish mahsulotlari korxonalari, ip yigiruv, paypoq-to’quv, poyabzal, trikotaj-tikuvchilik fabrikalari ishlab turibdi. Pedagogika instituti (7 mingdan ziyod talaba), 14 kasb-hunar kolleji (jumladan Qodirjon Haydarov nomidagi tasviriy va amaliy san’at kolleji. 1997), akademik litseylar, musiqa va san’at maktablari, 44 umumiy ta’lim maktabi faoliyat ko’rsatadi. 12 kasalxona, 2 dispanser, poliklichikalar, dorixonalar, 2 sanatoriy mavjud. 19 kutubxona, 7 klub muassasasi, 6 ta muzey (shu jumladan, o’lkashunoslik muzeyi), drama teatri, xalq teatri ishlab turibdi. 4 bolalar sport maktabi, 3 stadion, sport zallari va boshqa sport inshootlari bor. Qo’qon shoir, san’atkorlar shahri sifatida tanilgan. Qadimda “Qo’qon adabiy muhiti” mashhur bo’lgan. Shahardan bir qancha adabiyot namoyandalar: amiriy, gulxniy, Xon, G’oziy, Maxmur, Muhyi, Zoriy, Muqimiy, Qoriy, Komiy, Furqat, Haziniy, Nasimiy Ho’qandiy va boshqalar; Hamza, Ibrohim Davron, Ashurali Zohiriy, Mirzoi Ho’qandiy, Po’latjon Qayumiy kabi ma’rifatparvar ijodkorlar yetishib chiqqan; Nodira, Dilshod, Barno, Anbar otin,- Layli xonim, Mahzuna, Mushtariy kabi ayol ijodkorlar ham shu yerda kamol topgan. 20-asr o’zbek adabiyotiga Abdulla Qahhor, Sobir Abdulla, Usmon Nosir, Amin Umariy va boshqa ijodkorlar katta hissa qo’shgan. Qo’qon tarixiga doir ko’plab tarixiy asarlar mavjud (“tarixi Jahonnoma”, “Shohnomai Umarxon”. “Muntaxob ug-tavorix”, “Ansob US salotin vatavorixul-havokin” va boshqalar). Qo’qon me’morligining shakllanishi 18-asrdan boshlanadi. Shu davrda shaharda madrasa, masjid, maqbara, karvonsaroy, ko’prik va boshqa binolar bunyod etildi. Monumental inshootlar O’rta Osiyoning qadimgi shaharlari binolarining tuzilishi ta’sirida qurildi. Qo’qondagi yirik me’moriy yodgorliklardan xapq orasida madrasai Mir nomi bilan mashhur bo’lgan Norbo’tabiy madrasasitr (1798), undan tashqari Daxmai Shohon ansambli (1825), Xudoyorxon o’rdasi (19-asrning 2-yarmi), jome masjid (19-asr 1-choragi), Kamol qozi madrasasi (1941) va boshqalar ham saqlangan. Mustaqillik yillarida shaharda yangi binolar qad ko’tardi, obodonlashtirilib, xiyobon va bog’lar, yangi maydonlar barpo etildi, maktab, gimnaziya, litsey, kasb-hunar kollejlari qurildi. 2 telestudiya, (“muloqot”, “Yolqin”) ishlaydi, 4 gazeta chop etiladi. Qo’qondan Farg’ona rik shaharlariga va viloyatning yiavto- bus va marshrutli taksilar qatnaydi. Ad.: Bobobekovh.. Qo’qontarixi. T.,- 1966; Qo’qon asrlar silsilasida. Qo’qon. 2004. Otabek Jo’raboyev.