Qo’qon pedagogika instituti
Qo’qon pedagogika instituti, Muqimiy nomidagi Qo’qon pedagogika instituti — pedagog kadrlar tayyorlaydigan oliy o’quv yurti. 1931 yil yanvarda kechki pedagogika instituti nomi bilan tashkil etilgan. 1939 yildan O’qituvchilar instituti, 1943 yildan xotin-qiz o’qituvchilar instituti deb atalgan. 1954 yildan hozirgi nomda. 1943 yil oktabrda Muqimiy nomi berilgan. Institutda 9 fakultet (matematika va informatika, fizika-texnika, kimyo-geografiya, o’zbek tili va adabiyoti, chet tili, pedagogika, jismoniy tarbiya, tarix-huquqshunoslik, musiqa), 26 kafedra, 13 bo’lim (ma’naviyat va ma’rifat; o’quv jarayoni sifatini nazorat qilish; ilmiy; o’quv; axborot texnologiyalari; ta’minot; rejalashtirish; kadrlar; maxsus; mehnat muhofazasi; texnik; xo’jalik; sirtqi), 25 o’quv va 1 ilmiy laboratoriya, kutubxona (220454 asar) va o’quv zali bor (2005). Institut 16 ta’lim yo’nalishi (matematika va informatika; fizika va astronomiya; kimyo va ekologiya; biologiya va inson hayotiy faoliyati xavfsizligi; geografiya va iqgisodiy bilim asoslari; tarix; pedagogika va psixologiya; musiqiy ta’lim; o’zbek tili va adabiyoti; ingliz tili; rus tili va adabiyoti; milliy istiqlol g’oyasi hamda huquq va ma’naviyat asoslari; boshlangich ta’lim va sport tarbiyaviy ish; maktabgacha ta’lim va bolalar sporti; jismoniy tarbiya va jismoniy madaniyat; mehnat ta’limi) bo’yicha bakalavrlar, 3 ixtisoslik (matematika, fizika, o’zbek tili va adabiyoti) bo’yicha magistrlar tayyorlaydi. Institutda 1998 yildan aspirantura faoliyat yuritadi. 2004/05 o’quv yili institutda 7086 talaba ta’lim oldi, 444 professor-o’qituvchi, jumladan, 11 fan Doktori va prof., 88 fan nomzodi va dotsent ishladi. Institut faoliyati I.Rasulov, O.Bozorov, M.Mukarramov, H.Bobobekov va boshqalar professor-o’qituvchilar nomi bilan bogliq. Institut tashkil etilgandan beri 30755 mutaxassis tayyorladi (2005).