Qo’qon teatri
Qo’qon teatri, Hamza nomidagi Qo’qon shahar musiqali drama teatri — O’zbekistondagi ko’hna teatrlardan biri. 1919 y. Hamza tashabbusi bilan tashkil topgan. 1920 yil okrug teatriga, 1924 yildan davlat teatriga aylantirilgan. Repertuari, asosan, Hamza asarlari: “Boy ila xizmatchi”, “Tuhmatchilar jazosi”, “kim to’g’ri”, “zaharli hayot” hamda M.Uyg’urning “Turkiston tabibi”, N.Gogolning “Uylanish” spektakllaridan iborat bo’lgan. 1929 yil teatrga Hamza nomi berilgan. 1931 yildan teatr qayta tashkil qilinib, drama va musiqali spektakllar qo’ya boshlagan. “Zafar” (U.Nosir), “shohi so’zana”, “og’riq tishlar” (A.Qahhor), “Revizor” (N.Go-gol), “ikki boyga bir malay” (K.Goldoni), “Momaqaldiroq” (A.Ostrovskiy) kabi dramatik, “Layli va Majnun” (Xurshid; T.Sodiqov, N.Mironov musiqasi), “Farhod va Shirin” (Xurshid; V.Uspenskiy, G.Mushel), “Nurxon” (K.Yashin; T.Jalilov, G.Sobitov) singari musiqali asarlar bilan repertuari boyitilgan. 1961 y.dan drama teatri deb yuritila boshlagan. 1978 yildan hozirgi nomda. L.Sarimsoqova, M.Ahmedov, S. Ahmedov, S. Karimova, Z. Mirzatov, M.Qo’ldoshev, O. Hasanovlar shu teatr sahnasida ijod qilganlar. Teatr jamoasi 1987 yil yangi zamonaviy binoga ko’chib o’tgan. Teatr mustaqillik yillarida tomoshabin talabiga mos, yangicha talqinga boy, turfa mavzularni o’z ichiga olgan spektakllar yaratishda izlandi. “Tohir va Zuhra” (S.Abdulla, T.Jalilov), “Ravshan va Zulxumor” (K.Yashin, T.Islomov), “Jonli tuzoq” (G.Mdivani), “Ufq (S. Ahmad), “muhabbat qasri”, “Qo’qonning o’n ikki darvozasi”, “Bashar allomasi” (N.Abdullaev), “Uvaysiy” (H.Abduhakimova), “Hasan Kayfiy” (G’.G’ulom asari asosida M.Jo’raev), “Bog'” (N.Abbosxon), “berk ko’cha” (J.Mahmudov) va boshqalar so’nggi yillar yaratilgan eng yaxshi spektakllardir. Teatrning so’nggi yillar rivojlanishida dramaturg Nurilla Abdullayev hamda aktyor Rashidxon Sodiqovlarning xizmatlari katta. Shafoat Rahmatullayeva, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist Xursanoy Umarova, artistlardan Mahmudjon Yusupov, Dilshod Ahmadillayev, Ravshan Ibrohimov, Bahromjon Rahimov, Yunusali Xalilov, Halimjon Ortiqov, Sabohiddin Ergashev, Nargiza G’oziyeva, Odinaxon Begmatova va boshqalar teatrning yetakchi ijodkorlaridir. Teatrning bosh rejissyori va bosh rassomi Azimjon Azizov. Eson O’rinov.