Qo’shrabot tumani
Qo’shrabot tumani – Samarqand viloyatidagi tuman. 1978 yil 3 aprelda tashkil etilgan. Sharqdan Payariq, Janubdan Ishtixon, Kattaqo’rg’on tumanlari, G’arb va shimoldan Navoiy viloyatining Nurota, Janubi-g’arbdan Xatirchi tumanlari, shimoli- sharqdan Jizax viloyati bilan chegaradosh. Maydoni 1,11 ming km2. Aholisi 93,3 ming kishi (2004). Tumanda 7 ta qishloq fuqarolari yig’ini (jo’sh, Zarmitan, Oxunboboyev nomidagi, Oqtepa, Pangat, Urganji, Qo’shrabot) bor. Markazi — Qo’shrabot qishlog’i. Tabiati. Yer yuzasi Nurota tog’lari va tog’oldi qismlaridan iborat. Shimolda Nurota tizmasi (eng baland joyi — Hayotboshi cho’qqisi, 2165 metr), Jan.da Oqtog’ tizmasining Sharqiy qismi joylashgan. Relefi tizmalardan atrofga tomon 500 metrgacha pasayib boradi. Tizmalar etagi meridional yo’nalgan vodiylar bilan qirqilgan. Ikkala tizma Nurota botig’i orqali bir-biridan ajralib turadi. Iqlimi tog’ tepalari va yon bag’irlarida nisbatan salqin, tog’ etaklari va botiqlarda yoz issiq va quruq, qishi unchalik sovuq bo’lmaydi. Yanvarning o’rtacha temperaturasi —g, eng past temperatura -29°, iyulniki 27-28°, eng yuqori temperatura 43° vegetasiya davri 200 kundan ortiq. Yillik yog’in 200-300 mm, tog’yon bag’irlarida 600 mm gacha, asosan, bahor va qishda yog’adi. Yog’ingarchilik faslida tog’larda oqar suvlar hosil bo’ladi. Yozda soylarning ko’pchiligi qurib qoladi. Yirikroq soylari — Oqsoy, Sag’anoq, G’ujumsoy, Pihatsoy, Pangatsoy va boshqalar. Tog’li qismida buloq ko’p. Tuproqlari botiqda och bo’z, bo’z, tog’yon bag’irlarida to’q bo’z tuproq. 1600 metrdan balandda tog’-jigarrang va tog’-o’tloq tuproqlari tarqalgan. O’simliklari, asosan, cho’l va tog’-cho’l landshaftlariga xos. Tog’larning 1500-1700 metr balandlikkacha bo’lgan qismlari chala cho’l o’simliklari, ya’ni efemer va efemeroidlardan tashkil topgan. Bu yerda butalardan bodom, uchqat, na’matak, pista, do’lana va boshqalar o’sadi. Tog’larning baland qismida ora-sira archalar uchraydi. Tog’ oldi qismlarida shuvoq, yantoq, efemerlar (rang, qo’ng’irbosh va boshqalar) o’sadi. Yovvoyi hayvonlardan tulki, bo’ri, bo’rsiq, tipratikan, yumronqoziq, toshbaqa, echkemar, ilonlar (jumladan, zaharli ilonlar), qushlardan kaklik, qorabovur, burgut, qoraqarg’a va boshqalar bor. Qazilma boyliklardan oltin, qurilish materiallari qazib olinadi. Hududida Qo’shrabot buyurtma qo’riqxonasi joylashgan. Aholisi, asosan, o’zbeklar, shuningdek, qozoq, tatar, rus va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi 1 KMG ga 84 kishi. Xo’jaligi, asosan, chorvachilik, g’allachilik, qisman bog’dorchilik va tokchilikka ixtisoslashgan. Chorvachilikning asosiy tarmog’i — qorako’lchilik. Tumanda yirik, o’rta, kichik korxonalar va mikrofirmalar faoliyat ko’rsatadi. Aholiga maishiy xizmat ko’rsatuvchi kichik korxonalar (kiyim tikish, avtomobil ta’mirlash, teleapparaturalar tuzatish va hokazolar) ham bor. Qo’shrabot tumanida 60,2 mingga yaqin qoramol, 207,5 mingga yaqin Qorako’l qo’ylari, 3,7 mingdan ziyod yilqi boqiladi. Qishloq xo’jalik mahsulotlarining asosiy qismi fermer xo’jaliklarida yetishtiriladi. 5 shirkat, 1 jamoa, 1 naslchilik, maxsus, 388 fermer xo’jaligi bor. 2004/2005 o’quv yilida 88 umumiy ta’lim maktabida 25,8 mingga yaqin o’quvchi, 2 kasb-hunar kollejida 734 talaba ta’lim oldi. 44 kutubxona (178,7 ming nusxa kitob), 19 madaniyat uyi, stadion, sport maydonchalari mavjud. 6 kasalxona (320 o’rin), 34 feldsher-akusherlik punkti, 18 qishloq davolash ambulatoriyasi va boshqa tibbiy muassasalarda 125 vrach, 710 o’rta va kichik tibbiy xodim ishlaydi. Toshpo’lat Jumaboyev.