Qo’shilgan qiymat solig’i

Qo’shilgan qiymat solig’i – umumdavlat soliq turi; ishlab chiqarish va muomala jarayonlarining barcha bosqichlarida yaratilgan qo’shilgan qiymatning bir qismini davlat byudjetiga olish shakli. Tovar va xizmatlardan olinadigan bilvosita (egri) soliqlar tarkibiga kiradi. Birinchi marta frantsuz iqtisodchisi M.Lore tomonidan 1954 yilda taklif qilingan, 1960 yilda kod-D- Ivuar Respublikasida soliq tizimiga kiritilgan. O’zbekistonda 1992 yildan boshlab qo’llaniladi. Tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni sotish va import qilish aylanmasi Qo’shilgan qiymat solig’i solinadigan ob’yekt hisoblanadi. Sotish bo’yicha Qo’shilgan qiymat solig’iga tortiladigan aylanma sotiladigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) qiymati asosida, narxlar va tariflarni, aktsiz solig’ini hisobga olgan holda belgilanadi. Qo’shilgan qiymat solig’iga tortiladigan aylanma mablag’ soliq ob’yektining turiga qarab, o’ziga xos usulda aniqlanadi. Masalan, ishlab chiqarilgan tovarlar yuklab jo’natiladigan qismining qiymati, amalga oshirilgan qurilish, ta’mirlash, ilmiy tadqiqot, konstruktorlik, texnologik, qayta ta’mirlash va boshqa shunga o’xshash ishlar qiymati Qo’shilgan qiymat solig’iga tortiladi. Xizmatlar ko’rsatilganda esa transport vositalari yordamida bajarilgan ishlar qiymati, ijara, vositachilik haqi, infratuzilma, reklama va boshqa xizmatlar qiymati shu soliq ob’yekti bo’ladi. Aktsiz to’lanadigan tovarlarni Qo’shilgan qiymat solig’iga tortishda uning ob’yekti jo’natilgan aylanmaga aktsiz solig’ining qiymati qo’shilgan holda aniqlanadi. O’zbekiston Respublikasida Qo’shilgan qiymat solig’i asosan, 20,0% li stavka bo’yicha undiriladi. Shuningdek, ijtimoiy ahamiyatga ega bo’lgan ayrim oziq-ovqat tovarlari bo’yicha Qo’shilgan qiymat solig’i kamaytirilgan stavkalarda to’lanishi mumkin. Stavkalar va bunday tovarlarning ro’yxati O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. Qo’shilgan qiymat solig’i bo’yicha to’lovlar soliq turi bo’yicha hisobot taqdim etilgan muddatdan so’ng 5 kun orasida davlat byudjetiga o’tkaziladi. Shuningdek, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ayrim toifadagi soliq to’lovchilar uchun Qo’shilgan qiymat solig’ini to’lashning boshqa muddatlarini ham belgilashi mumkin. Import qilinayotgan tovarlar bo’yicha Qo’shilgan qiymat solig’i bojxonada rasmiylashtirilgunga qadar yoki rasmiylashtirish paytida to’lanadi. Qo’shilgan qiymat solig’ini undirish va to’lash tartib-qoidalari O’zbekiston Respublikasining “Soliq kodeksi” (65-79-moddalari) bilan tartibga solinadi. Shuhrat Toshmatov, Muhammadjon Nig’matov.q