Qazviniy Hamidulloh ibn Abu Bakr Mustavfiy

Qazviniy Hamidulloh ibn Abu Bakr Mustavfiy (1281, Qazvin shahri — taxminan 1350) — eronlik tarixchi, geograf. Hulokuiylar saroyida moliya ishlari bilan shug’ullangan yirik amaldor bo’lgan. Vazir Rashiduddin qo’l ostida xizmat qilgan. “Tarixi guzida” (“tanlangan tarix”, 1340 yil) asarini yozgan; unda mo’g’ul elxonlari va Erondagi mahalliy sulolalarning tarixi hamda mashhur kishilarning tarjimai holi, Qazvin shahri va viloyatining batafsil bayoni berilgan. Firdavsiyning “Shohnoma” dostoni davomi sifatida mo’ljallangan “Zafarnoma” she’riy xronikasi (1331-32 yil), shuningdek, “Nuzhat ulqulub” (“qalblar rohati”) geografik asarini (1340 yil) yozgan. Asar muqaddima, 3 bob va xotimadan iborat. 1-bobda metall va minerallar, mevali daraxtlar, tabobatda ishlatiladigan o’simliklar, yovvoyi va uy hayvonlari hamda parrandalar to’g’risida fikr yuritilgan. 2-bobda inson va uning xususiyatlari, tashqi qo’rinishidagi ayrim farqlar bayon qilingan. Asarning 3-bobida Eron va unga qo’shni mamlakatlarning geografik tuzilishi, tabiiy boyliklari, aloqa yo’llari, yirik shaharlar o’rtasidagi masofa va boshqalar xususida bir qancha muhim ma’lumotlar keltirilgan. Asarning qo’lyozma nusxalari Angliya, Frantsiya, shuningdek, Toshkent va Sankt-Peterburg sharqshunoslik institutlari qo’lyozmalar fondlarida saqlanadi.