Magnit maydon

Magnit maydon — harakatlanayotgan elektr zaryadlarga va magnit momenpish jismlarga ta’sir qiladigan kuch maydoni. M. Faradey birinchi marta 1845 yilda fanga kiritgan. U elektr o’zaro ta’sirlar ham, magnit o’zaro ta’sirlar ham yagona moddiy maydon yordamida amalga oshadi, deb hisoblagan. Elektromagnit maydonning klassik nazariyasini J. Maksvell yaratgan (1873). O’zgaruvchi Magnit maydon o’zgaruvchi elektr maydon bilan uzviy bog’langan. Magnit maydon harakatdagi elektrlangan jismlar, elektr tokli o’tkazgichlar va magnitlangan jismlar atrofida hosil bo’ladi. Elektr toki hosil qiladigan Magnit maydon Bio— Savar — Laplas qonuniga, Magnit maydonning elektr tokiga ta’siri esa Amper qonuniga asosan aniqlanadi. Magnit maydon mikrodunyo hodisalarida, kosmik ob’yektlarda ham kuzatiladi. Mikrodunyo hodisalaridagi Magnit maydon, asosan, barcha zarralarning magnit momentga ega bo’lishligiga, harakatlanuvchi elektr zaryadiga Magnit maydon ko’rsatadigan ta’sirga bog’liq. Bular esa moddalardagi paramagnetizm, diamagnetizm, ferromagnetizm, antiferromagnetizm, magnit rezonans, magnitooptika hodisalari, Faradey effekti kabi hodisalarni yuzaga keltiradi. Harakatlanuvchi elektr zaryadi Magnit maydonda tekis aylanma (vint chizig’i bo’yicha) harakat qiladi. Magnit maydonning ayrim joylarida elektr zaryadlarning harakat yo’nalishi qarama-qarshisiga o’zgarishi mumkin. Magnit maydonning bunday joylari magnit ko’zgular deyiladi. Magnit maydon ta’sirida atom ichidagi elektronlar qo’shimcha harakat qiladi. Atomning nurlanishi Magnit maydon ta’sirida o’zgaradi. Jismda tarqaluvchi yorug’likning qutblanish tekisligi Magnit maydon ta’sirida ma’lum burchakka buriladi (Faradey effekti). Yer, Quyosh singari ko’pgina moddiy sistemalar Magnit maydonga ega. Quyosh dog’lari kuchli Magnit maydon bilan bog’langan. Quyoshdagi o’zgarishlar natijasida yer Magnit maydonning kuchli g’alayonlanishi — magnit bo’ronlari hosil buladi. Kosmosni o’zlashtirish, yadrolarni sintez qilish, plazma fizikasi va boshqa sohalardagi fan va texnika masalalari Magnit maydonni o’rganish bilan bog’liq. Magnit maydon, asosan, kuchsiz (500 Gs), o’rtacha (500 Gs dan 40 kgs gacha), kuchli (40 kgs dan 1 MGs gacha) va o’ta kuchli (1 MGs dan yuqori) xillarga bo’linadi. Kuchsiz va o’rtacha Magnit maydondan elektronika, elektrotexnika radiotexnikada, shuningdek, 500 Gs dan 40 kgs gacha bo’lgan Magnit maydondan zaryadli zarralar tezlatkichlari, Vilson kamerasi, pufakli kamera, mass-spektrometr kabi qurilmalarda foydalaniladi. Kuchli va o’ta kuchli Magnit maydon, asosan, qattiq jismlar fizikasida, ferromagnetizm va antiferromagnetizm xossalarini o’rganishda, magnitogidrodinamik generator va boshqalarda ishlatiladi. Kuchsiz va o’rtacha Magnit maydon doimiy magnitlar, elektr magnitlar, o’ta o’tkazuvchi magnitlar, solenoidlar (elektr toki utkazgichi) yordamida, kuchli Magnit maydon yo’naltirilgan portlatish usulida olinadi (oxirgi usulda mis quvur ichida oldindan kuchli impulsli Magnit maydon hosil qilinadi va u kuchli portlashning radial bosimiga duchor qilinadi). Ad.: Parsell E., Elektrichestvo i magnetizm [Per. s angl.], M., 1971; Landau L. D., L i f sh i ts E. M., Teoriya polya, 6 izd., M., 1973 [Teoreticheskaya fizika, t.2|.