ASIRUDDIN AXSIKATIY
ASIRUDDIN AXSIKATIY (to’liq ismi Abulfazl Muhammad Tohir Asiruddin Axsikatiy) (1108-1110, Axsikat shahri – 1196/1198, Janubiy Ozarbayjon Xalxol shahri) — shoir. Boshlang’ich ma’lumotni Axsikatda olgach, Balx, Hirot, Marvga borib, riyoziyot, tabobat, kimyo, nujum, falsafa va boshqa fanlarni o’rganadi. Ko’chmanchi o’g’uz qabilalarining 1156 yilgi qo’zg’olonidan keyin Sulton Sanjar saltanati inqirozga uchragach, Asiruddin Axsikatiy Xurosondan Ajam Iroqi (G’arbiy Eron) ga keladi. U yerda Arslon ibn Tug’ral (1160 — 79) va Qizil Arslon (1185 — 91) saroyida xizmat qildi. Qizil Arslon davrida Malik ush-shuaro unvoniga musharraf bo’ldi. Lekin ko’p o’tmay, tuhmatga uchrab saroydan haydaladi. Asiruddin Axsikatiy ijodiy merosi 120 qasida, 220 g’azal, 80 qit’a, 80 ruboiy, 4 tarkibband va tarje’band, 24 qit’adan iborat. 1313 yilda xaggot Abdulmo’min tarafidan ko’chirilgan devoni 13300 misradan tashkil topgan. G’azallarida muhabbat, tabiat go’zalliklari, Vatanni qo’msash, shohlarni insof-adolatga chaqirish g’oyasi asosiy o’rinni egallaydi. Ba’zi asarlarida zamona nosozligi, ayrim amaldorlarning ta’magirligidan shikoyat qilgan. Devoni Tehronda nashr etilgan (1958), qo’lyozmasi hoz. Londondagi “India offis” kutubxonasida saqlanadi.