Husayniy, Atoulloh
Husayniy, Atoulloh (to’liq ismi Amir Burhoniddin Atoulloh Mahmud Husayniy Nishopuriy) (taxminan 15-asrning 40-yillari, Nishopur — 1513, Mashhad) — fors adabiyotshunosi, shoir. Husayniy Sharq she’riyati masalalari bilan shug’ullanib, “adabiyot bilimdoni” sifatida tanilgan, muammo san’atida o’z davrining yagonasiga aylangan. Hirotning mashhur Ixlosiya, Sultoniya va boshqa madrasalarida dars bergan. Ilmi bade’ bo’yicha keng va chuqur bilimga egaligi tufayli Alisher Navoiy e’tirofiga sazovor bo’lgan. Navoiy unga davlat hisobidan maosh ajratgan; o’z huzuriga chorlab, adabiyotshunoslik masalalari bo’yicha suhbatlar qurgan, badiiy san’atlarga doir asar yozishga da’vat qilgan. “Badoyi’ us-sanoyi'” (“badiiy san’aglar”) asari ana shu da’vatlar natijasida vujudga kelgan (1493) va Alisher Navoiyga bag’ishlangan. Shuningdek, uning “Risolai qofiya” (“qofiya haqida risola”) asari ham mavjud. Bu asarlarda o’zigacha o’tgan adabiyotshunoslarning fikrlarini umumlashtirgan va rivojlantirgan. “Ato”, “Atoiy”, “Atoulloh” taxalluslari bilan she’rlar yozgan. Navoiyning ham, boshqa zamona fozillarining ham e’tirofu olqishiga sazovor bo’lgan “Badoyi’ us sanoyi'” asari bilan Husayniy Sharq mumtoz poetikasi rivojiga ulkan hissa qo’shgan. Bu asar debocha, muqaddima, 3 san’at turi va xotimadan iborat: debocha kitobning yozilish sababi, muqaddima aruz vazni va zihoflari xususida bo’lib, 1-bobda 60 ta lafziy san’at, 2-bobda 63 ta ma’naviy san’at, 3-bobda 23 ta lafziyu ma’naviy san’at to’g’risida ma’lumot berilgan. Xotima 2 qismdan iborat: birinchisida she’rning ma’no bilan bog’liq illatlari haqida fikr yuritilib, 2-bobda 15 ta atamaga izoh berilgan. Husayniy san’atlarni lafziy, ma’naviy va lafziyu ma’naviyga ajratadiki, bu oldingi adabiyotshunoslar kitoblarida uchramaydi. Badiiy san’atlarga misol qilib 50 ga yaqin shoir ijodidan namunalar berilgan, o’z ijodidan esa taxminan 700 bayt she’r keltirilgan. Husayniy kitobida 147 ta san’at berilgan va shundan 32 tasini olimning o’zi kashf etgan. U turli munosabat bilan asarda Navoiy nomini tez-tez tilga olgan, unga atab yozgan she’rlarini ilova qilgan. “Badoyi’ us-sanoyi'”ni o’zbek tiliga Alibek Rustamov asliyatiga mos holda mukammal tarjima qilib, sharhu izohlar bilan nashr ettirgan. As: Badoyi’ussanoyi’, T., 1981. Ll.Alisher Navoiy, Majolis UI-nafois [mukammal asarlar to’plami) 13-j., T., 1998; Xondamir, Makorim ul- axloq, T., 1967; Zayniddin Vosifiy, Badoe’ul-vaqoe’, T.. 1979; Olimov S, Navoiyning she’rshunos shogirdi, T., 1990; Hayitmetov A., Adabiy merosi-mizufklari, T., 1997;Homidiy H., Ko’hna Sharq darg’alari, T., 1999. Ergash Ochilov.