Hoziq
Hoziq (taxallusi; asl ism-sharifi Junaydullo Islomshayx o’g’li) (18-asrning oxiri, Hirot — 1843, Shahrisabz) — shoir, tarjimon. 19-asr o’zbek adabiyoti namoyandalaridan biri. 1793— 1800 yillarda Buxoroga kelgan va madrasada tahsil ko’rgan, tib ilmini o’rgangan, she’rlar mashq qilgan. “Hoziq” taxallusini ham shu yerda olgan. Madrasani tugatgach, shu madrasada imomlik qilgan va Amir Haydar saroyiga yaqinlashgan. 1818 yil saroy ayonlari bilan kelisha olmay, Qo’qonga ketgan. Umarxon uni yaxshi kutib olgan. Hoziq Buxoroda boshlagan “Yusuf va Zulayho” dostonini tugallab, xonga tortiq qilgan. Bu yerda ham xon atrofidagi saroy ahli bilan kelisha olmay, 1825 yilda Buxoroga qaytgan, so’ng Xorazmga borgan va Munis, Ogahiy boshchiligidagi adabiy guruh ta’sirida bo’lgan. Munis vafot etgach, Olloqulixon (1825-42) topshirig’i bilan “Ravzat ussafo” asarining 1-jildi tarjimasini nihoyasiga yetkazgan. So’ng yana Qo’qonga qaytgan. Nasrullaxon 1842 yil Qo’qonni bosib olgach, Hoziq uning ta’qibidan Shahrisabzga qochgan va u yerda amirning yollangan odamlari tomonidan o’ldirilgan. Hoziq o’zbek va fors tillarida ijod qilgan. Navoiy, Fuzuliy, Bedil, Zebunniso she’rlariga muxammaslar bog’lagan. Lirikasi mavzui rang-barang, unda zamon norasoliklari, johil va Odil hukmdorlar haqida mulohazalar bildirilgan, sevgi va muhabbat tarannum etilgan. She’rlarida zamonasidagi hukmdorlarni adolatga undagan. “Yusuf va Zulayho” doetonida o’zining ijtimoiy-falsafiy mulohazalarini, zamon va hukmdor haqidagi fikrlarini bayon etgan. “Voqeoti Islomiy” va “Avlodlar shajarasi” risolalari tarixiy-biografik xarakterda. Maqmud Chag’miniyning tibbiyotga oid Arab tilida yozgan “qonuncha” asariga fors tilida “tahqiq ul-qavoid” (“tabobat asarlarini o’rganish”, 1822) nomli sharh yozgan. Hoziqning O’zbekcha va forscha she’rlaridan tuzilgan devoni Rossiya Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti Sankt-Peterburg bo’limida, “Yusuf va Zulayho” ning 7 qo’lyozmasi O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutida, 2 devoni Xo’jandda, Konibodom shahridan topilgan kulliyoti esa xo’jandlik adabiyotshunos E. Shodiev qo’lida, ayrim she’rlari O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutidagi qo’lyozma bayoz va majmualarda saqlanadi. Ad.: Qayumov A., Hoziq, T., 1957; Irisov A., Nosirova., Nizomiddinov I., O’rta osiyolik qirqolim.T., 1961;O’zbek adabiyoti tarixi [5 j.li, 4-j., T., 1978; Qayyumov P., Tazkirai Qayyumiy [7j.li], Begali Qosimov