Hind adabiyoti, hindiy adabiyoti

Hind adabiyoti, hindiy adabiyoti — Hindistondagi hind tili (hindiy) va uning lahjalarida yaratilgan adabiyot. Hind adabiyoti sanskrit tilida yaratilgan qadimgi adabiyot asosida milodiy 1-ming yilliklar oxiridan rivojlana boshlagan. Dastlab diniy-falsafiy mazmundagi adabiyot bo’lib, Vishnuizm, shivaizm, buddizm va jaynizm mazhablari g’oyalarini bayon etgan. 10— 14-asrlarda hindiy lahjalarda qahramonlikni madh etuvchi nazm taraqqiy etdi. Saroy shoirlari o’z homiylarining qahramonliklarini ulug’lab, dostonlar yozdilar [Chand bardaining “Prithviraj raso”, “Khuman raso” (12-asr); Narpati Nalxning “Bisaldev raso” (taxminan 13-asr) dostonlari va boshqalar]. 15-17-asrlarda shimoliy Hindistonda bhaktiy diniy-islohotchilik harakati avj oldi. Bu harakat tabaqalanishga qarshi norozilik kurashi bo’lib, Hind adabiyotiga ijtimoiy tenglik, demokratik g’oyalarni olib kirdi. Bhaktiy harakati xalq ommasini bir tomondan dinga, ikkinchi tomondan esa adabiyotga yaqinlashtirdi va adabiyotda yangi adabiy shakllarni yuzaga keltirdi. Bu davr bhaktiy shoirlari: Kabir (1440-1518), Nanak (1469-1539), Surdas (1483-1563), Mirabai (1499- 1547), Tulsidas (1532-1624), Dadu-Dayal (1544-1603), Sundardas (1596— 1689), Rasxan (16-17-asr), “Ashtachhap” (Sakkiz shoir Ittifoqi, 16-17-asrlar) va boshqa shoirlar nazmda asosan do’hiy (ikkilik), chaupai (to’rtlik), VINAI (qofiyasiz) kabi janrlarda ijod etdilar. Mazmunan esa ular qadimgi 2 eposni mahalliy hind tillarida (bhaktiy g’oyasi bilan sug’orilgan holda) nazmda yana qayta yaratdilar (surdas boshchiligidagi “Ashtachhap” shoirlari “Mahabharata”ni braj lahjasida, Tulsidas esa “Ramayana” eposini avadhiy lahjasida). Aynan shu davrda tasavvuf adabiyoti ham rivojlandi. Sufiy shoir shoh Muhammad Bandanavozning “Miraj ul-Ashiqin” (14-asr), Burhoniddin Janamning “Kalimat ul-Haqaiq” (14-asr), Mavlono Doudning “Chandayan” (14-asr), Kutubanning “Mrigavati” (16-asr), Malik Muhammad Jayasiyning “Padmavat” (16-asr), Manjhanning “Madhumalti” (16-asr) kabi asarlarida fors va hind lirikasi an’analari o’zaro chatishib ketdi. Bu davrning bhaktiy va sufiy shoirlari ijodida hayotiy masalalar folklor yoki epos qahramonlari obrazi vositasida aks ettirildi. 17-asr o’rtalaridan Hind adabiyotidagi diniy-mistik g’oyalar ham, demokratik ruh ham susayib, u Aristokratlarning didi va talabiga moslasha bordi. Asarlarning asosiy mavzusi ko’proq inson muammosiga, ayollar go’zalligini tarannum etishga qaratildi. 19-asrning 1-yarmida qhari bo’liy dialektida nasriy asarlar yuzaga kela boshladi. Sanskrit va ingliz tilidan diniy va dunyoviy adabiyot namunalari tarjima qilindi, hind tilida matbuot paydo bo’ldi. Taniqli ma’rifatparvar Bharatendu Harishchandra (1850-85) publitsistikasi va pyesalarida xalq milliy ongining o’sishi, mustaqillikka intilish g’oyalari aks etdi. Uning ijodi hozirgi zamon Hind adabiyoti taraqqiyoti uchun zamin bo’ddi. 19-asrning 2-yarmida Hind adabiyotida original qissa va romanlar yaratildi, keyinroq hikoyachilik, adabiy tanqid va adabiyotshunoslik rivoj topdi. 20-asr boshlarida milliy ozodlik harakati ta’sirida Hind adabiyotida vatanparvarlik, Vatan ozodligi uchun kurash g’oyalari tobora yorqin aks eta bordi (Maythilisharan Gupta, 1886-1964; Makhanlal Chaturvediy, 1889-1968; Balkrishna Sharma Navin, 1897— 1960; Ramdhari Sinh Dinkar, 1908 va boshqa she’rlari). 20-30-yillardagi Hind adabiyotida romantik yo’nalish ta’siri kuchli bo’ldi (Sumitranandan Pant, 1900; Jayshankar Prasad, 1889-1937 va boshqalar). 30-yillarda Hindistonda milliy ozodlik harakatining va chet el taraqqiyparvar adabiyoti ta’sirining keng yoyilishi natijasida Hind adabiyotining barcha janrlarida dolzarb ijtimoiy mavzu tomon burilish ko’zga tashlandi. 1936 yilda Premchand ishtirokida Hindiston taraqqiyparvar yozuvchilar assotsiatsiyasi tashkil etildi. Hindiston xalqlari milliy adabiyoti keyinchalik ana shu assosiasiya ta’sirida taraqqiy etdi. 40-yillarning oxirida freydishning hamda G’arbdagi sub’yektivistik nazariyalarning ta’sirida Hind adabiyotida modernizm tarkib topdi. Modernizmga xos bo’lgan bu kayfiyatlar 50-70-yillar hindiy Nasri va nazmida ham o’z ta’sirini saqlab qoldi (Ilachandra Jo’shiy, 1902; Jaynendra Kumar, 1905 va boshqalar ijodi). Keyinchalik Sumit-ranandan Pant, Vrindavanlal Varma (1889-1969), Manmo’han Gupta (1908), Bhisham Sahniy (1915), Amritlal Nagar (1916) va boshqalar ijodida realistik an’analar rivojlandi, insonparvarlik g’oyalari, hind xalqining ijtimoiy va ma’naviy taraqqiyotiga ishonch tuyg’ulari aks ettirildi. Hind adabiyoti vakillaridan Premchand, Yashpal va boshqalarning ayrim asarlari o’zbek tiliga tarjima qilingan. Ad.: Barannikov A.P., Indiyskaya Fi- lologiya. Literaturovsdenie, M.. 1959: Serebryakov I.D., Drevneindiyskaya Literatura, M., 1963; Chelnshev E.P.. literatura Xindi, M., 1968. Ulfatxon Muhibova.