ASPIRANTURA

ASPIRANTURA — uzluksiz ta’lim tizimining tarkibiy qismi, oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar (fan nomzodlari) tayyorlash shakli. O’zbekistonda Aspirantura 1930-yillarda tashkil etilgan. Aspirantura O’zbekiston Respublikasi fan va texnika davlat komiteti hamda O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi (OAK) bilan kelishilgan holda O’zbekiston Fanlar Akademiyasi hay’ati, vazirlik va idoralar hay’atining qarori bilan ilmiy tadqiqot institutlari, oliy o’quv yurtlari va boshqa ilmiy muassasa hamda tashkilotlarda tegishli mutaxassisliklar bo’yicha ochiladi. Aspirantura ishlab chiqarishdan ajralgan va ajralmagan holda tashkil qilinadi. Aspiranturada ilmiy tadqiqot ishlari olib borish muddati ishlab chiqarishdan ajralgan holda 3 yil, ishlab chiqarishdan ajralmagan holda 4 yildan oshmasligi kerak. Ishlab chiqarishdan ajralgan holdagi Aspiranturaga 30 yoshgacha, ishlab chiqarishdan ajralmagan holdagi Aspiranturaga esa 40 yoshgacha bo’lgan ilmiy hamda ilmiy-pedagogik ishga layoqatli mutaxassis va magistrlar qabul qilinadi. Aspiranturaga kiruvchilar o’rnatilgan tartibda kirish imtihonlarini topshiradilar. Ishlab chiqarishdan ajralgan holdagi Aspiranturaga qabul qilinganlarga stipendiya to’lanadi. Aspirantlar o’z ilmiy faoliyatlarini ilmiy tadqiqot instituti yoki oliy o’quv yurti ilmiy kengashi tomonidan tasdiqlangan ilmiy mavzu asosida tuzilgan shaxsiy ish rejasiga muvofiq tashkil etadilar. Aspirantlarga ularning ilmiy faoliyatlariga rahbarlik qilish uchun fan Doktori va professorlardan ilmiy rahbarlar tayinlanadi. Ba’zi hollarda, istisno tarzida, shu sohada ma’lum ilmiy muvaffaqiyatga erishgan hamda Doktorlik dissertatsiyasi ustida ilmiy tadqiqot olib borayotgan katta ilmiy xodim yoki dosent ilmiy unvoniga ega fan nomzodlari ham ilmiy rahbarlikka tayinlanishlari mumkin. Aspirantlar dissertatsiya mavzulari bo’yicha ilmiy izlanishlarini ilmiy tadqiqot institutlari va oliy o’quv yurtlarining laboratoriya, kafedra va boshqa ilmiy bo’limlarida olib boradilar. Zaruriyat tug’ilgan hollarda ular shartnoma asosida rivojlangan mamlakatlar ilmiy markaz va oliy o’quv yurtlariga yuborilishi mumkin. Aspirantlar nomzodlik dissertatsiyalarini ixtisoslashtirilgan ilmiy Kengashlarga himoya uchun taqdim etihdan odsin OAK tomonidan belgilangan nomzodlik imtihon (minimum)larini topshirishlari zarur. Ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash shakllaridan biri — idora ichida va idoralararo maqsadli Aspirantura ham mavjud. Maqsadli Aspirantura ga tuzilgan shartnoma asosida muassasa va tashkilotlar tomonidan yuboriladigan oliy ma’lumotli mutaxassislar va magistrlar tanlov asosida qabul qilinadi. Aspirantura asosan akademik va malakaviy imtihonlarni topshirish hamda ilmiy tadqiqot ishlari natijalarini, ya’ni nomzodlik dissertasiyasini himoya qilish bilan yakunlanadi. Dissertatsiyani muvaffaqiyatli himoya qilganlarga OAK qarori bilan tegishli fan sohasi bo’yicha “fan nomzodi” ilmiy darajasi berilib, davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi diplom topshiriladi. M. Toshpo’latov.