Qurultoy
Qurultoy (turkiy-mo’g’ulcha — Xurultay), kengash, Majlis, s’yezd — turkiy xalqlar va mo’g’ul xalqida qadimdan mavjud bo’lgan turli harbiy kengashlar va majlislarning umumiy nomi. 1) turkiy xalqlarda Qurultoy va harbiy kengash o’tkazish an’anasi qadimdan mavjud bo’lgan. U Eftaliylar va Turk xoqonligi davlatlarida paydo bo’lib, kamida 1500 yillik tarixga ega. Hatto ayrim manbalarda yozilishicha, Hun xoqonligi davrida ham Qurultoylar o’tkazilgan. Saljuqiylar va Usmonlilar sulolasi vakillari Qurultoyda o’z sultonlarini saylashgan. Mo’gullar davlatida (Chingizxon va uning vorislari davrida) Qurultoy hokimiyat boshqaruvining oliy shakliga aylangan edi. Amir Temur va Temuriylar davriga kelib, Qurultoylar o’zining mukammal tuzilishiga ega bo’lgan. Qurultoyda mamlakat hayotidagi jiddiy siyosiy va iqtisodiy masalalar hal qilingan, u muhim harbiy yurishlar arafasida o’tkaziladigan o’ziga xos katta marosimga aylangan. “Temur tuzuklari”da Qurultoy (harbiy kengash) o’tkazish tartiblari haqida so’z boradi. Qurultoyda mamlakat hukmdori va qo’shin qo’mondoni saylangan. Qurultoy o’tkazish Nizomiga ko’ra, uning har bir ishtirokchisi o’z fikrini erkin ravishda bildirishi mumkin bo’lgan. Qurultoy qatnashchisi bo’lgan Amir va beklarga muayyan kuchlar tomonidan tavsiya etilayotgan nomzodlar haqida oshkora va hech qanday moneliksiz fikr-mulohaza aytish huquqi berilgan. Saylovlar oshkora va teng asoslarda o’tgan. So’ngra saylovda g’olib chiqqai nomzodni payg’ambar Muhammad (sav) avlodlaridan bo’lgan sayyidlar qoq yerga to’shalgan oq kigiz yoniga etaklab kelishardi. Mamlakat hukmdori yoxud harbiy qo’shinning oliy bosh qo’mondoni qilib saylangan shaxs shariat qonunlariga binoan ish ko’rishi lozimligi to’g’risida muqaddas Qur’oni karimni qo’lida tutib, qasamyod etishi kerak edi. So’ngra uni nufuzli urug boshliqlari (biylar) oq kigizga solib, ko’tarish marosimini bajo keltirishgan. Bu an’ana O’rta Osiyoda xonliklar davrida (20-asr boshlarigacha) ham saqlanib qolgan; 2) 1917 yilda butun Turkiston musulmonlari tomonidan o’tkazilgan 4 ta anjuman. Ularning oxirgisida Turkiston muxtoriyati tashkil topgan (1917 yil 26-28 noyabr); 3) Buxoro Xalq Sovet Respublikasi va Xorazm Xalq Sovet Respublikasiaa oliy davlat hokimiyat organi; 4) Turkistonda sovet rejimiga qarshi qurolli harakat rahbarlari tomonidan tashkil qilingan idora. Turkiston Vatanparvarlari Qurultoylarda o’z harbiy yo’lboshchilarini saylashgan, qizil armiyaga qarshi kurashdan saboq va xulosalar chiqarib, bo’lg’usi jang rejalarini muhokama qilishgan. Qurultoylarda Oliy bosh qo’mondon bilan birgalikda harbiy dastalarning qo’mondonlari — qo’rboshilar ham saylangan. 5) 20-asrda O’zbekiston SSRda qishloq xo’jalik xodimlari — paxtakorlar, chorvadorlar va boshqalarning eski yil yakuni va yangi yil rejalari munosabati bilan o’tkaziladigan respublika, viloyat va tuman yig’inlarining nomi. Qahramon Rajabov.