Quyosh pechi
Quyosh pechi — materiallarni quyosh nuri yordamida eritish va ularga quyosh nuri issiqligi bilan ishlov berish uchun mo’ljallangan qurilma. Gelioqurilmaning bir turi. Quyosh pechi qisqa fokusli geliokontsentrator, Quyosh nurini qabul qiluvchi qurilma (pech) va quyosh harakatini kuzatib boruvchi avtomatik tizim (qurilma o’qini doimo Quyoshga qaraydigan qilib uzluksiz burib turadi) dan iborat. Qabul qilish qurilmasi geliokontsentrator fokusida joylashgan bo’lib, yorug’lik o’tkazuvchi tuynukli kameradan iborat. Kamera ichida vakuum va inert gazi atmosferasini yaratish mumkin. Ko’pgina Quyosh pechi Quyosh ketidan buriladigan orientator (quyosh nurini geliokon-tsentratorga yo’naltirib beruvchi yassi oyna) bilan jihozlanadi.