Qo’rboshi
Qo’rboshi — tarixiy harbiy atama; 1) o’rta asrlarda O’rta Osiyo xonliklari va ayrim Sharq davlatlarida dastlab shaharni tunda qo’riqlovchi mirshab; so’ngra qurol-yarog’ ombori (qo’r) mutasaddisi hamda qurol-aslaha, turli yaroqlar va to’p yasash korxonalari (qo’rxona) boshlig’i. Qo’qon xoni Xudoyorxon davrida Qo’rboshi qo’rxona, miltiqxona, to’pxonalarga boshchilik qilib, u xom ashyo topib kelishdan to tayyor mahsulot ishlab chiqarish va ularni xon qaroriga binoan tarqatish jarayoniga boshchilik qilgan; 2) Turkiston o’lkasida Oktyabr to’ntarishigacha bo’lgan davrda mahalliy politsiya boshlig’i. Masalan, Qo’qon va Marg’ilonda 1917 yilda shahar mirshablarining boshlig’i Qo’rboshi deb atalgan; 3) Turkistonda sovet rejimiga qarshi qurolli harakat harbiy rahbarlarining unvoni. Qo’rboshi xalqning turli tabaqalari orasidan chiqqan obro’li shaxs hisoblangan. Qo’rboshilar orasida hatto ayollar ham bo’lgan.