Qo’rg’ontepa

Qo’rg’ontepa — Andijon viloyati Qo’rg’ontepa tumanidagi shahar (1976 yildan), tuman markazi. Shahrixonsoy va Andijonsoy o’rtasida joylashgan. Temir yo’l stantsiyasi (Savay). Andijon shahridan 41 kilometr. Qo’rg’ontepa hududidan respublika ahamiyatidagi avtomagistral o’tgan. Aholisi 28,3 ming kishi (2005). Qo’rg’ontepada paxta tozalash zavodi, paypoq to’qish fabrikasi, attorlik fabrikasi filiali, non kombinati, Toshkent instrumental zavodining filiali, avtokorxonalar, MTP, dehqon bozori, qurilish tashkilotlari, kichik, o’rta biznes korxonalari, “el-jihoz” servis qo’shma korxonasi bor. Umumiy ta’lim, bolalar musiqa va sport maktablari, 3 kasb-hunar kolleji, tuman Markaziy kutubxonasi va uning shoxobchalari, klub muassasalari, madaniyat saroyi, madaniyat va istirohat bog’i. Xotira maydoni mavjud. Sport majmuasi, stadion va boshqa sport inshootlari faoliyat ko’rsatadi. Tuman markaziy kasalxonasi, tug’ruqxona majmuasi, poliklinika, dorixonalar va boshqa tibbiy muassasalar aholiga xizmat ko’rsatadi. Qo’rg’ontepadan Toshkent, Aldijon shaharlariga avtobus va marshrutli taksilar qatnovi yo’lga qo’yilgan.