Oqtumshuq burni
Oqtumshuq burni – Orol dengizining g’arbiy sohilida, Ustyurt platosining sharqida joylashgan burun. Oqtumshuq ko’tarilmalar zonasi kassarma antiklinalining eng baland joyida tektonik, denudasion va abrasion jarayonlar natijasida vujudga kelgan. Yuqori bo’r va eosenning kulrang, oq- sariq ohaktosh va gillaridan tashkil topgan. Dengizga ancha kirib borib, dengiz suvi yuzasidan tik ko’tarilgan. Yon bag’irlarida surilma izlari saqlangan. Yuzasida jarliklar va karst bo’shliklari bor. Iqlimi keskin kontinental. Yilning o’rtacha temperaturasi 9,2°, yanvarniki -8, iyulniki 26°. Yillik yog’in miqdori 100-122 mm. Tuprog’i surqo’ng’ir, o’simligi siyrak; shuvoq, qirqbo’g’in, kavrak va boshqa o’simliklar o’sadi.