Orifxonova Muharram Majidovna
Orifxonova Muharram Majidovna (1911, Chimkent — 1974, Toshkent) — botanik olima, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan fan arbobi (1970), biologiya fanlari doktori (1965), professor (1968). Toshkent tibbiyot texnikumini tamomlab (1926-31), Marg’ilon dorixonasida assistent-farmatsevt bo’lib ishlagan. O’rta Osiyo universitetining biologiya fakultetini tugatgan (1937). Shu universitet yuksak o’simliklar kafedrasida assistent (1942-43), dotsent (1944-68). Ilmiy ishlari, asosan, Farg’ona vodiysidagi o’simliklar qoplamini o’rganishga oid. Orifxonova cho’l yaylovlarini o’zlashtirish masalalariga qaratilgan bir qancha ilmiy ekspeditsiyalar qatnashchisi. As: Farg’ona vodiysining o’simliklar qoplami, T., 1967.