Oqpadar, oq qilish
Oqpadar, oq qilish — ota-ona tomonidan o’z bolasini farzandlikdan ma’naviy mahrum etish. O’g’il yoki qiz juda qattiq gunoh (Vatanga xoinlik, qotillik, buzuklik va boshqalar), nojo’ya xatti-harakat bilan ota-onaga nomus keltiradigan ish qilsa, ota-ona bunday farzanddan voz kechgan va o’z qarorini ko’pchilik oldida ochiqdan-ochiq e’lon qilgan. Oq qilingan farzandlar “oqpadar” deb atalgan (aksariyat, farzandlarini otalar (padarlar) oq qilganlari uchun shunday atalgan). Ular merosdan maxrum etilgan va uydan badarg’a qilingan, ularga qiz bermaganlar, jamoatga aralashtirmaganlar. Oqpadarlar ko’pincha el-yurtdan chiqib, musofirlikda yashashga majbur edi. Oqpadar ota-ona tomonidan farzandlariga beriladigan eng oliy axloqiy jazo hisoblanadi.