Obidiy Ismoil Yeldinovich
Obidiy Ismoil Yeldinovich (1880, G’ulja — 1941/42, Krasnoyar o’lkasi) — jurnalist, jamoat arbobi, o’zbek davriy matbuotining asoschilaridan biri. G’uljadagi Rossiya elchixonasi xodimi oilasida tug’ilgan. Otasi vafotidan keyin 1890 yilda onasi bilan birga qozonga ko’chib kelgan va shu yerdagi Real bilim yurtida o’qigan. Inqilobiy kayfiyatdagi yoshlar guruhiga mansub bo’lganligi uchun 1900 yilda Bishbek shahriga surgun qilingan. Oradan bir yil o’tgach, Peterburgga borib, haykaltaroshlik va me’morlik bilim yurtida o’qigan (1901 — 1905). 1905 yil voqealarida qatnashgani uchun 3 yilga Turkiston (Toshkent)ga surgun qilingan. Obidiy Toshkentda o’zbek, tatar va rus ma’rifatparvarlari yordamida 1906 yil boshlarida Toshkent jadidlarining “taraqqiy” gazetasini chiqargan. Uning muharriri Obidiy toshkentlik jadidlar o’rtasida “Ismoil Taraqqiy” nomi bilan mashhur bo’lgan. Obidiy 1912-17 yillarda turli joylarda ishlaydi. 30-yillarning o’rtalarida A.Qodiriy bilan yaqinlashib, uning “Obid ketmon” qissasini rus tiliga tarjima qiladi. O’z oldiga faqat chorizmga qarshi kurash vazifasini qo’ygan Obidiy Oktabr to’ntarishidan keyin bolsheviklar foydasiga xizmat qiladi. Shunga qaramay, 1938 yil 13 yanvarda eserlar partiyasining sobiq a’zosi va yapon razvedkasining josusi sifatida qamoqqa olinadi va 1940 yil 9 Fevralda Krasnoyar o’lkasiga 5 yilga surgun qilinadi. Naim Karimov.