Oqsuv
Oqsuv — toza chuchuk suv. O’rta Osiyoda keng tarqalgan atama. Ko’proq turg’un, zax suvdan farq qilib, oqar suv ma’nosida ishlatiladi. Ko’pincha suv nomlari (gidronim)ga aylanadi. Ko’pgina olimlar, jumladan, N. G. Malliskiy, “muzlik tagidan oqib chiqadigan suv Oqsuv deyiladi, chunki tarkibidagi muz zarralari tufayli muzlik suvi oq ko’rinadi”, deb hisoblaydi. V. L. Vyatkin fikricha, tog’daryolari Oqsuv (yoki Oqdaryo)dir. Akademik V. V. Bartoldning kuzatishicha, o’z o’zanida oqadigan suv Oqsuv yoki Oqdaryo, kanal qazib oqizilgan suv esa Qorasuv yoki Qoradaryo deb yuritiladi. A. N. Kononov Oqsuvni oqar suv deb izohlaydi. Oqsuv so’zi “Boburnoma”da ko’p uchraydi. Umuman, muzlik suvlari oqish ko’ringanidan shunday nom olgan. Suvi loyqa daryolar ham Oqsuv Oqdaryo deb yuritiladi. Shu nomdagi daryo juda ko’p.