ASTROMETRIYA
ASTROMETRIYA (ostro… va Yunoncha metreo — o’lchayman) — astronomiya bo’limlaridan biri. Osmon jismlari vaziyatlarini va o’ziga xos xususiy harakatlarini aniqlash, ular oraligidagi burchakni o’lchash va yer yuzidagi joylarning geografik koordinatalarini hamda azimutnk belgilash, vaqtni o’lchash, osmon jismlari diametrlarini va ular sirtidagi detallarning o’zaro uzoqligini aniqlash kabi masalalar bilan shug’ullanadi. Asosiy bo’limlari: fundamental Astrometriya, fotografik va meridian Astrometriya, sferik astronomiya, vaqt va geografik kenglik xizmati. Astrometriyaning hamma sohalarida olib boriladigan kuzatish ishlari astronomik asboblar yordamida bajariladi; shuning uchun astronomik asboblarga tegishli xatolarni o’rganish va ularning qiymatini topish Astrometriya bilan bog’liq muhim masalalardan biri hisoblanadi. Fundamental Astrometriyaning asosiy vazifasi — osmon yoritqichlarining koordinatlarini, muhim astronomik doimiylikni aniqlash, yulduz kataloglarini tuzish. Osmon yoritqichlarining koordinatlari odatda meridian doira yoki passaj hamda vertikal doira deb ataladigan maxsus kuzatish asboblari yordamida aniqlanadi. Bunday kuzatishlar har bir yoritqichning meridiandan o’tish vaqtida olib boriladi. Yoritqichlarning koordinatlarini aniqlashda ikki xil yo’l tutish mumkin: 1) mutlaq usul; bunda yoritqichlar koordinatlaridan tortib hamma zarur ma’lumotlar yangidan, hech qanday eski kuzatishlarga asoslanmasdan topiladi; 2) nisbiy yoki differentsial usulda esa yoritqichlarning koordinatlari oldingi vaziyatlari yaxshi ma’lum bo’lgan bir qator yulduzlarga nisbatan kuzatiladi. Shunday yo’l bilan aniqlangan koordinatlar yulduz kataloglarida beriladi. Astronomiyaning juda ko’p masalalarini hal etishda yulduzlarning aniq koordinatlaridan tashqari yana ularning o’ziga xos xususiy harakatlari ham ma’lum bo’lishi kerak. Shuning uchun Astrometriyaning yana bir muhim vazifasi bir qancha yulduzlarning osmon sferasida deyarli vaqt o’zgarmay qoladigan koordinata tizimida aniqlangan vaziyatlari va xususiy harakatlari berilgan fundamental katalog tuzishdan iborat. Yulduzlarning xususiy harakatlarini aniqlashda fundamental kataloglar muhim o’rin tutadi. Astrometriyadagi eng og’ir masalalardan biri xatolik hisoblanadi. Eng yaxshi fundamental kataloglarda keltiriladigan yulduz koordinatlarining aniqligi ±0,1″. Astronomiya tarixida birinchi yulduz kataloglari Xitoy astronomi Shi Shen (miloddan avvalgi 4-asr) va yunon olimi Gipparx tomonidan (miloddan avvalgi 2-asr) tuzilgan. 15-asrda Ulug’bek rahbarligida tuzilgan katalogda 1018 ta yulduzning vaziyati keltirilgan. 18-asr birinchi yarmiga kelib Astrometriya vazifalarini aniqroq echishga moslanib maxsus optik asboblar yasaldi. Masalan, Pulkovo astronomiya rasadxonasiga o’rnatilgan ana shunday optik asboblar mutlaq kataloglar tuzishda katta rol o’ynadi. Keyinchalik Germaniya va boshqa davlatlarda qator rasadxonalar, jumladan Toshkent rasadxonasi kuzatishlariga asoslangan fundamental kataloglar, masalan, FKZ, FK4, FK5 tuzildi. Astronomiya doimiylaridan biri Quyosh parallaksini aniqlash Astrometriyaning muhim vazifalaridandir; chunki astronomik birlikni ifodalovchi bu kattalik sayyora va yulduzlargacha bo’lgan masofalarni o’lchashda asos qilib olinadi. Presessiya, nutasiya va aberrasiyani aniqlash ham Astrometriya vazifalaridan hisoblanadi. Olis yulduzlarning vaziyati va xususiy xarakatlari fotografik Astrometriya usullaridan foydalanib aniqlanadi. Buning uchun astrograf yordamida osmonning ma’lum qismlari fotosuratga olinadi. Olingan fotosurat — astronegativda chiqqan yulduzlarni maxsus asboblar yordamida o’lchash yo’li bilan ularning vaziyatlarini shu astronegativda bor bo’lgan va aniq koordinatlari kataloglarda berilgan bir qator yorug’ yulduzlarga nisbatan hisoblab topiladi. Bunday masalani yechishda astronegativdagi to’g’ri burchakli koordinatalar tizimidan osmondagi sferik koordinatalar tizimiga o’tish muhim o’rin tutadi. Yulduzlarning xususiy harakatlarini fotografik Astrometriya usulidan foydalanib topish uchun oralig’ida 20-30 yil vaqt o’tgan va markazlari bir-biriga mos keladigan ikki astronegativ birga o’lchanadi. So’ngra hisoblash yordamida o’lchangan natijalardan har bir yulduzning yillik xususiy harakati sferik koordinatalar tizimida topiladi. Fotografik Astrometriya yordamida aniqlangan natijalar odatda meridian kuzatishlardan olingan natijalardan 1,5 — 2 marta aniqroq bo’ladi. Lekin bunday aniqlikka erishish uchun fotografik Astrometriyaga xos bo’lgan bir qator xatoliklarni nazarda tutib ish ko’riladi. Jahonda bajarilgan eng katta Astrometriya ishlari sifatida 1933-38 yillarda Toshkentdagi va boshqa rasadxonalarda birgalikda tuzilgan “Geodeziya yulduzlari katalogi” ni ko’rsatish mumkin. “Xira yulduzlar katalogi” Astrometriya sohasidagi yana bir katta ish bo’lib, uni tuzishda bir necha rasadxonalarning, jumladan O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Astronomiya instituti qatnashishi ham ko’zda tutilgan. Yuz yillar davomida osmon sferasida sezilarli darajada siljimaydigan galaktikalarga tayangan koordinatalar tizimidagi “xira yulduzlar katalogi”da kuzatish dasturiga kiritilgan hamma yulduzlarning vaziyatlari va xususiy harakatlari berilishi kerak. Bu ishni yanada kengroq olib borish maqsadida osmonning Janubiy yarim sharidagi yulduzlar Chili va Boliviyadagi rasadxonalarda muntazam kuzatilmoqda. Astrometriyaga doir tadqiqotlarda O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Astronomiya instituti va ToshDU astronomiya kafedrasi faol qatnashadi. Abdusalom Latipov.