Oqtepasoy
Oqtepasoy — Samarqand va Navoiy viloyatlaridagi soy. Nurota tizmasining Janubiy yon bag’ridan boshlanadi. Uzunligi 60 kilometr, havzasining maydoni 715 km2. Yuqori oqimida Shag’alsoy nomi bilan Janubi-sharqqa, so’ngra Janubi-g’arbga oqadi. O’rta oqimida Pangatsoy bilan qo’shilib Qo’shrabotsoyni, G’ujumsoy bilan qo’shilib Oqtepasoyni hosil qiladi. Oqtepasoy Ishtixon tumani hududida Oqsaryoga quyiladi. Vodiysida tor daralar, tik qoyali yon bag’irlar, ko’hna qayirlar uchraydi. Vodiysining kengligi bir necha yuz metrdan 2 kilometrgacha. Soy, asosan, mavsumiy qor, yomg’ir va yer osti suvlaridan to’yinadi. O’rtacha yillik suv sarfi 1,15 m3/sekund, oqim moduli 1,6 l/sek, km2. Yoz va kuzda suvi keskin kamayib ketadi. Oqtepasoyning 60 dan ortiq (umumiy uzunligi 150 kilometr) irmoqlari bor. Yiriklari: Pangatsoy, Qizilolmasoy, Shovvasoy, G’ujumsoy va boshqalar. Soy vodiysida kamyob hayvonlar (arxar, kaklik, qobon va boshqalar) va o’simliklar uchraydi. Soydan Navoiy viloyatining Nurota, Samarqand viloyatining Ishtixon tumanlari xo’jaliklari sug’oriladi.