Oqsaroy

Oqsaroy — Samarqanddagi me’moriy yodgorlik (15-asr). Temuriylarning so’nggi dahmasi. Oqsaroy qo’shimcha dahma sifatida Abu Said (1449-69) va Sulton Ahmad Mirzo (1469-94) qukmronligi davrida qurilgan. Maqbara pishiq g’ishtdan ganch qorishmasida terilgan. Oqsaroy Chortoq tarhlash katta xona va qarama-qarshi joylashtirilgan xonalardan iborat. Bosh tarzi Janubga qaragan. O’rtadagi miyonsaroy tagida Sardoba joylashgan. Oqsaroy qurilishida o’sha davr me’morligiga xos murakkab usullar qo’llanilgan: katta xona gumbazi 4 katta ravoq va o’zaro kesishgan ravoqchalar hamda toqilar yordamida yopilgan. Bu qurilmalar sharafa va ganch bezaklari bilan pardozlangan. Bezaklarning ko’p qismi kundal uslubida bajarilgan. Nafis ishlangan oq, ko’k ranglar oltin xal bilan o’zaro uyg’unlashib ajoyib ko’rinish kasb etgan. Naqsh shakllari o’zaro takrorlanmagan. Bir ravoqdagi naqshda bir-biriga o’xshamaydigan 67 xil bezakgul bo’lgan. Binoning tashqi me’morligi nihoyasiga yetkazilmagan. Katta xona tashqi gumbazi, 8 qirrali poygumbazi tugallanmagan. Oqsaroy temuriylar davri me’morligining noyob namunasi hisoblanadi.