Ocherk

Ocherk (ruscha) — badiiy adabiyotning epik tur janrlaridan biri. Ocherk o’zining hozirjavobligi, ishonarliligi, haqiqiy hayotda ro’y bergan voqealarni ifodalash, hujjatlarga asoslapganligi bilan ajralib turadi. Ocherk badiiy to’qimadan unumli foydalana olmasligi, qahramonni tipiklashtirish va individuallashtirish hamda asarning syujet va kompozisiey qurilishini belgilashda yozuvchining ijodiy yondashuvi bir qadar cheklanganligi bilan epik turning hikoya, qissa, roman janrlaridan farq qiladi. Chunki ocherknavis aniqtarixiy sharoitda bo’lib o’tgan, o’zi ko’rgan, guvohi bo’lgan voqeani qalamga oladi, yaratajak qahramoni bilan yuzma-yuz suhbatlashadi, uning hayoti va faoliyatini aniq ifodalaydi. Shu jihatdan Ocherkda muallif o’z qahramoniga nisbatan xayrixohligidan kelib chiqib, unda uchramaydigan sifatlarni yuklamaydi. Ocherk erkin kompozisiya asosida yaratiladi. Unda hikoya, qissa, roman, dramalardagidek muallif “ixtiyoridan tashqari” turadigan mustahkam kompozision markaz bo’lavermaydi. Ocherk hayotni aks ettirish tamoyillari jihatidan lirikaga yaqin turadi. Chunki Ocherk janrida ham muallif xuddi lirikadagi singari hayotdan olgan taassurotlarini, unga munosabatini, ichki kechinmalarini bemalol ifodalash imkoniga ega. O’zbek adabiyoti uchun Ocherk janr sifatida yangi bo’lsa ham (u, asosan, 20-asrning 20-30-yillarida kirib kelgan), uning ildizlari mumtoz adabiyotning ilk namunalaridan oziqlanadi. Masalan, Urxun- Yenisey va Kultegin yodnomalari, “Boburnoma” asarlarida Ocherkga xos hujjatlilik seziladi. Ocherk aslida jamiyatdagi ijtimoiy munosabatlarning paydo bo’lishi bilan bog’liq ravishda rivoj topadi. Dastlabki paytda Ocherk janrining shakllanishiga Abdulla Qodiriy, Cho’lpon, Oybek, G’afur G’ulom, Abdulla Qahhor singari adiblar, keyinroq Nazir Safarov, Yo’ldosh Shamsharov, Habib No”mon, Sunnatillo Anorboyev, Rasul Rahmon va boshqa katta hissa qo’shdilar. Hozirgi o’zbek adabiyotida Ocherk taraqqiyoti Dadaxon Nuriy, Yoqubjon Xo’jamberdiyev kabilarning nomlari bilan bog’liq. Ocherk tanlangan mavzu va yo’nalishiga ko’ra, yo’l Ocherklari, muammoli Ocherklar, portret Ocherklar, sud Ocherklari kabi ko’rinishlarga ega. Har qanday Ocherkda qam yozuvchi hayotiy voqealarni Real, rost-go’ylik bilan tasvirlab berishga mas’uldir. Keyingi yillarda o.janri ham mazmunan, ham shaklan bir oz chekinishga yuz tutdi. Uning o’rnini esse janri ko’proq egallay boshladi. Ad:. Adabiy turlar va janrlar [3 jildli], 1-j., 1991; Qo’shjonov M., Ma’no va mezon, T., 1974. Yo’ldosh Solijonov.