Oftalmologiya
Oftalmologiya (oftalmo… va … logiya) — ko’zning normal holati va kasalliklarini o’rganadigan fan. Klinik tibbiyotning bir bo’limi. Oftalmologiya fanining tarixi Ibn Sinodan boshlanadi. U yaratgan “Tib qonunlari” kitobining 3-jildi ko’z va ko’z kasalliklariga bag’ishlangan. Oftalmologiya 17-asrda mustaqil fan sifatida rivojlana boshladi, ko’z tipik muxitlarining nur singdiruvchi xossalari (dioptrikasi) haqidagi tasavvur o’sha vaqtda vujudga keldi, refraktsiya anomaliyalarini tushunish va ularni ko’zoynak bilan tuzatishga shu tariqa asos solindi, ko’zning to’r pardasi uning yorug’lik sezuvchi qismi ekanligi, katarakta ko’z gavharining xira tortishidan iboratligi aniklandi. 18-asr oxirida Oftalmologiya bilan, asosan, xirurglar shug’ullanishdi. 19-asrning 1-yarmida ko’zning, asosan, tashqi kasalliklari o’rganildi va operasiya texnikasi ishlab chiqildi, shu asrning 2-yarmida, oftalmoskop kashf etilgach, ko’z “tubi” — to’r pardasi va ko’rish nervi kasalliklari chuqurroq o’rganila boshlandi. 19-asr oxirida bakteriologiya muvaffaqiyatlari tufayli bir qancha ko’z kasalliklarining yuqumli ekanligi aniqlandi. 20-asrda ko’zni tekshirishning nozik usullari taraqqiy topdi, jumladan, biomikroskopiya usullari (goniskopiya, tonografiya va boshqalar) joriy qilindi. Ko’zoynak optikasi muvaffaqiyatlarga erishdi. O’zbekistonda bu sohadagi tadqiqotlar 20-yillarda O’rta Osiyo universiteti tibbiyot fakulteti ko’z kasalliklari kafedrasida boshlandi. Keyinchalik ular respublikadagi tibbiyot institutlarining ko’z kasalliklari kafedralarida davom ettirildi. O’lka kasalliklari muammolari, brusellyoz, leyshmanioz, terlama, bezgak va boshqa umumiy kasalliklarda ko’rish a’zosining o’zgarishi masalalari (P. F. Arxangelskiy, S. A. Popova, T. G. Ilina, M. H. Hamidova), O’zbekistonda Oftalmologiya sohasining ahvoli o’rganildi. Ko’rish a’zolarining ishlab chiqarish jarayoni bilan bog’liq shikastlanishining oldini olish va davolash masalalari ishlab chiqildi (T. Yo. Qosimov, M. K. Komilov, X,. K. Hojimuhamedov, Q. A. Aslanova, T. U. Umarova), miya yallig’lanishi — optoxiazmal leptomeningitda ko’zda sodir bo’ladigan o’zgarishlarni aniqlash va yangi davo usullarini topish (H. M. Komilov), nazla (Ko’ksuv, glaukoma) oqibatida ko’r bo’lib qolishni barvaqt aniqlash, davolash va oldini olishga doyr tadqiqotlar o’tkazildi (A. Yu. Yusupov, M. H. Hamidova, T. G. Ilina, K. K. Qodirova va boshqalar). Oftalmologiya fani yutuqlari amaliyotda joriy etilishi tufayli O’zbekistonda o’tkir epidemik kon’yunktivit epidemiyasi, traxoma (shilpiq) butunlay tugatildi. Ko’z qon tomiri kasalliklari, miopiya, g’ilaylik va boshqa kasalliklar muammolarini ilmiy asosda hal qilish ustida ilmiy ishlar olib borilmokda (H. M. Komilov, O. G. Levchenko, B. O. Zohidov, F. O. Bahriddinova, A. A. Yusupov, R. O. Muhammadiev, A. U. Zokirov, A. R. Xudoyberdiyev va boshqalar), ko’z mikroxirurgiyasi rivojlanmoqda, ko’zning turli kasalliklarini davolash uchun mahalliy xom ashyodan tayyorlangan yangi doridarmonlar qo’llanilmoqda (N. M. Normatova, M. S. Krsimova, M. H.Karimova va boshqalar). Hozirgi O’zbekistondagi barcha tibbiyot institutlari kafedralari va ularning klinikalari, shuningdek, respublika oftalmologiya kasalxonasida Oftalmologiya sohasida ilmiy tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Holidjon Komilov.