Otliq askarlar
Otliq askarlar — qadimgi dunyo mamlakatlarida vujudga kelgan qo’shin turi. Otliq askarlar paydo bo’lgunga qadar Misr, Xitoy, Hindiston va hokazolar yurtlarda otlar qo’shilgan 2 g’ildirakli jang aravalaridan foydalanilgan. Otliq askarlar alohida qo’shin turi sifatida ilk bor miloddan avvalgi 9-a.srda Ossuriya armiyasi tarkibida tashkil etiladi va so’ngra boshqa quldorlik davlatlariga tarqaladi. Miloddan avvalgi 6-asrdan e’tiboran Axomaniylar armiyasida Otliq askarlar qo’shinning asosiy turi bo’lib, qilich va nayza bilan qurollangan og’ir Otliq askarlar hamda kamon va o’q bilan ta’minlangan yengil Otliq askarlar mavjud bo’lgan. O’rta Osiyoda Otliq askarlar miloddan avvalgi 1-ming yillik 1-yarmidan mavjud bo’lib, saklar, massagetlar, sug’diylar, xorazmiylar qushinining asosini tashkil qilgan. Parfiya Otliq askarlari ham deyarli shunday qurilishga va qurollanishga ega bo’lgan. Yunon davlatlarida (Sparta, Afina) Otliq askarlarning mikdori ancha kamsonli edi. Miloddan avvalgi 4-asr 1-yarmida Fiva sarkardasi Epaminond birinchi bo’lib Otliq askarlarni piyoda askarlar bilan hamkorlikda jangga solgan. Miloddan avvalgi 4-asr 2-yarmida Makedoniyada muntazam Otliq askarlar yuzaga keladi va mustaqil qo’shin turi sanaladi. Aleksandr armiyasida Otliq askarlar yaxshi tayyorgarlik ko’rgan, jang maydonida erkin harakat qilish qobiliyatiga ega bo’lgan Zarbdor kuch tarzida og’ir, o’rta va yengil turlarga bo’lingan. Qadimgi Rim armiyasida Otliq askarlar qo’shimcha qo’shin turi hisoblangan. G’arbiy Yevropada 11 —12-asrlarda armiyaning asosiy Zarbdor qismini ritsarlardan tuzilgan Otliq askarlar tashkil qilgan. Suvoriy risar qilich, og’ir nayza, qalqon, dubulg’a va zirh bilan qurollangan. 12-asrning 2-yarmidan jangovar otlar ham maxsus zirh bilan ta’minlangan. Qadimgi Rus davlati (9-10-asrlar) qo’shinida Knyaz drujinalaridan tashkil qilingan Otliq askarlarning soni piyoda askarlarga nisbatan ancha kam bo’lgan. Turk-mo’g’ul davlatlari armiyasining asosini tashkil etuvchi Otliq askarlar o’zining tashkiliy hamda jangovar qobiliyati bilan alohida ajralib turgan. Hunlar davrida Otliq askarlarning soni 240 mingtaga yetgan. Turkiylar tomonidan jahon harbiy san’ati tarixida birinchi bo’lib suvoriylar safining joriy qilinishi (har bir otliq askar orasidagi masofa 20 metr, jangovar qatorlar soni 10 ta) otliq qo’shinning dushman ustidan to’la ustunligini ta’minlagan. Turk xokonligining (6-8-asrlar) sovutli muntazam Otliq askarlari nafaqat tekislikda, shuningdek, tog’lik hududlarda ham muvaffaqiyatli xarakat qilish qobiliyatiga ega bo’lib, ko’p vaqtlar davomida unga teng keladigan raqib topilmagan. Nayza bilan jang qilish san’atini mohirona egallagan turk otliqlari xitoylik piyoda nayzabozlar va Eronlik otliq o’qchilar (kamonkashlar) bilan bo’lgan muhorabalarda, aksar hollarda, zafar qozongan. Turk suvoriysi ko’krak qismida dumaloq qalqoni bo’lgan zirh bilan ta’minlangan, boshiga temir dubulg’a kiygan, qilich, shoxsimon yoy, to’qmoq va nayza bilan qurollangan. Og’ir qurolli Otliq askarlar zodagon hamda tajribali jangchilardan tashkil etilgan jangda hal qiluvchi rol o’ynagan. Tobe yurtlarning askarlaridan tuzilgan yengil Otliq askarlar, asosan, razvedka hamda ayg’oqchilik vazifalarini bajargan. Zarur paytlardagina jangga kirgan. Chingiziylar armiyasida yengil qurolli Otliq askarlarning mavqei baland bo’lgan. Mo’g’ul jangchilari otda yurish, kamon, qilich va arqon bilan muomala qilish san’atini mukammal egallagan. Ular janggohda ustalik bilan manyovr-harakat qilgan, soxta chekinish, pistirma qo’yish san’ati kabi taktik amaliyotlarni muntazam qo’llagan. Amir Temur armiyasining Zarbdor qismini yengil va og’ir qurollar bilan qurollangan Otliq askarlar tashkil etgan. Dubulg’a, sovut, qilich, yoy, sadoq, qalqon va nayza bilan ta’minlangan og’ir qurolli suvoriylar Sera jangchilardan tuzilgan, g’animning asosiy zarbasiga qarshi turgan, jang natijasi shularga bog’liq bo’lgan. Yoy, sadoq va qilich bilan qurollangan yengil Otliq askarlar, asosan, soqchilik va razvedkaga mo’ljallangan. O’ta zarur chog’dagina yov bilan jang qilish huquqiga ega bo’lgan. Yevropa mamlakatlari armiyasida o’t sochish qurolining rivojlanishi (14-asr) hamda piyodalar rolining oshib borishi bois (15-asr) Otliq askarlarning mavqei sekin kamaya boradi. 20-asrning 50-yillari o’rtalarida ommaviy qirg’in qurollarining rivojlanishi va armiyalarning to’liq motorlashtirilishi tufayli Otliq askarlar qo’shin turi sifatida barham topdi. Ad.h Dadaboev H., Amir Temurning harbiy mahorati, T., 1996. Hamiduma Dadaboyev.