Oripov Hamidilla Nig’matovich
Oripov Hamidilla Nig’matovich (1940.10.10. — Toshkent — 1998.14.3) — kimyogar olim. O’zbekiston Fanlar Akademiyasi akademik (1995), kimyo fanlari doktori (1979), professor (1987). Toshkent politexnika institutini tugatgan (1962). O’zbekiston Fanlar Akademiyasi o’simlik moddalari kimyosi institutida laboratoriya mudiri (1983— 85), ilmiy ishlar bo’yicha direktor o’rinbosari (1985— 89), direktor (1989-98). Ilmiy ishlari tabiiy faol birikmalarni o’rganish va samarali sintetik preparatlar olishga oid. Oripov rahbarligida dezoksipeganin gidroxlorid, medamin kabi dorivor preparatlar, gelmintlarga qarshi qo’llanadigan samarali preparatlar — albendazol, medapek, fenasal va boshqalar sintez qilingan, butilkaptaks defoliantini olish texnologiyasi ishlab chiqilgan va amaliyotga joriy etilgan. Beruniy nomidagi O’zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti laureati (1984).