Ostrovskiy Aleksandr Nikolayevich
Ostrovskiy Aleksandr Nikolayevich [1823.31.3 (12.4), Moskva – 1886.2 (14).4, Kostroma gubernyasi] — rus dramaturgi. Dastlab 1-Moskva gimnaziyasi (1835— 40), keyin Moskva universitetining yuridik fakultetida (1840-43) o’qigan. Ammo o’qishni tugatmay, Moskvadagi vyukdon sudi (1843-45) va tijorat sudida (1845-51) xizmat qilgan. Sud muassasalarida ishlash Ostrovskiyga yozilajak pyesalari uchun boy material bergan. Ostrovskiyning dastlabki “kambag’al qarzdor” va “oilaviy baxt manzarasi” komediyalari “Moskovskiy gorodskoy listok” (“Moskva shahri Varanasi”) gazetasida bosilgan (1847). Ostrovskiyning “kambag’al qarzdor” pyesasi asosida yaratilgan “qo’ynidan to’kilsa ko’njiga” komediyasi (1849) Moskvadagi teatr jamoatchiligiga manzur bo’lgan. Ammo asar Nikolay I tomonidan taqiqlanib, muallif politsiya nazorati ostiga olingan. Ostrovskiy qalamiga mansub asarlar jami 47 ta bo’lib, ular “Ostrovskiy teatri” degan adabiy hodisani tashkil etgan. Ostrovskiyning adabiy-estetik qarashlari V. G. Belinskiy asarlari ta’sirida shakllangan. 40-yillarda yashagan boshqa rus yozuvchilari singari, Ostrovskiy ham san’atkor o’ziga zamondosh jamiyatning turli qismlarini maxsus o’rganib, zamondoshlar uchun xalq hayotining hanuzgacha tasvir etilgan sohalarini kashf etishi lozim, deb hisoblagan. 40-yillarda yashagan rus yozuvchilari ijodidagi ana shu tamoyil “fiziologik ocherk”da, ayniqsa, yorqin ko’ringan. Ostrovskiyning dastlabki pyesalari mazkur “fiziologik ocherklar” uslubida yozilgan. Ostrovskiy ijodi 3 bosqichdan iborat. Ijodining l-bosqichida dramaturg Rossiyadagi islohotlarga qadar bo’lgan hayotni tasvir etgan bo’lsa (“oilaviy turmush”, 1847; “qo’ynidan to’kilsa qo’njiga”, 1849; “bechora kelin”, 1852; “kambag’allik ayb emas”, 1853 va boshqalar), 2-bosqichida islohotdan keyingi rus jamiyati hayotini aks ettirgan (“eski do’stga nima etsin” 1860; “Kechikkan muhabbat”, 1873; Balzaminovlar oilasi haqidagi trilogiya, 1856-61; “quturgan pullar”, 1869; “bo’rilar va qo’ylar”, 1875 va boshqalar). “Boy kelinlar” (1875) pyesasi bilan Ostrovskiy ijodining 3-bosqichidagi “g’amgin komediyalar” turkumi boshlanadi. Dramaturg bu davrda “haqiqat yaxshiku, ammo baxt afzal” (1876), “yurak tosh emas” (1877), “Sepsiz qiz” (1878), “aybsiz aybdorlar” (1883) singari asarlarini yozgan. Ostrovskiy pyesalari sovet davrida O’zbekiston teatrlarida o’zbek va rus tillarida namoyish etilgan. Ostrovskiyning ayniqsa, “momaqaldiroq”, “Sepsiz qiz”, “Aybsiz aybdorlar”, “kambag’allik ayb emas” singari qator pyesalari o’zbek tiliga tarjima etilib, uzoq yillar davomida o’zbek sahnalarida ijro etildi. As: Pesalar, T., 1956; Sobranie sochineniy, t. 1-10, M., 1959-60. Ad.: Filippov V. A., Velikiy russkiy dramaturg A. N. Ostrovskiy, M., 1948; A. N. Ostrovskiy v vospominaniyax sovremennikov, M., 1996. Naim Karimov.