Ovqatdan zaharlanish
Ovqatdan zaharlanish – mikroblar bilan zararlangan oziq-ovqat mahsulotlari iste’mol qilinganda vujudga keladigan kasallik. Aksariyat birdan ko’pchilik kasallanadi, lekin bemorlardan sog’lom odamga yuqmaydi. Ko’pincha stafilokokklar, enterokokklar, ayrim ichak tayoqchalari, protey, tsitrobakter, iersiniya, klostridiya va boshqa mikroblar sabab bo’lishi mumkin. Quyidagi 2 holat Ovqatdan zaharlanish uchun umumiy hisoblanadi: 1) mikrob tushib ko’paygan ovqat mahsulotlarini iste’mol qilish oqibati; 2) bemor organizmiga mikrobning o’zi va uning toksini ta’siri. Ovqatdan zaharlanish yoz oylarida ko’p uchraydi. Kattalarga nisbatan bolalar, ayniqsa, 3 oylikdan 2 yoshgacha bo’lgan bolalar ko’proq kasallanadi. Odam ko’proq urinib qolgan go’sht va uning mahsulotlari, sut mahsulotlari (ayniqsa, tort va pirojnoe), baliq, tovuq go’shtini iste’mol qilganda zaharlanishi mumkin. Stafilokokklar sabab bo’lgan hollarda infektsiya manbai odam hisoblanadi. Angina yoki turli yiringli kasalliklar: sachratqi, chipqon, hasmol va boshqa yiringli yaralar bo’lgan kishilardan mikrob tayyor mahsulotga o’tib, tez ko’payadi. Uni bilmay iste’mol qilgan kishi darhol zaharlanadi. Kasallikning yashirin davri 2-3 soatdan 3 kungacha. Kasallik to’satdan ko’ngil aynishi va qusish bilan boshlanadi, ich ketadi, qorinda tutash og’riq bo’ladi. Qisqa vaqt ichida bemor organizmi suvsizlanadi, u holsizlanib qoladi. Yurak-tomir sistemasi faoliyati buziladi. Ayniqsa, klostridiyalar sababli ro’y beradigan zaharlanish og’ir kechadi. Kasallikka tashhis qo’yish uchun bemorning qusuq massasi, me’dani chayilgan suvi sterillangan bankaga yig’ilib laboratoriyaga yuboriladi. Zaharlanishga sababchi deb gumon qilingan ovqat mahsulotlari ham laboratoriyada tekshiriladi. Najasdan Myuller muhiti va tuzli eritmaga ekma olinadi. Tekshirishga olingan turli ekmalardan bir xil mikrob topilishi, o’sha kasallik sababchisi ekanidan dalolat beradi. Kasallikning 5-6-kunidan boshlab bemor qoni zardobi bilan ajratib olingan mikrob kulturasi aralashtirilib agglyusinatsiya reaktsiyasi qo’yiladi. Reaktsiyaning 1:40 nisbatda va undan yuqori suyultirishda ijobiy natija berishi ushbu mikrob kasallik sababchisi ekanidan darak beradi. Ovqatdan bo’ladigan toksikoinfektsiyalar va intoksikasiyalarni Ovqatdan zaharlanishdan farq qila bilish kerak. Davo kasallikning dastlabki alomatlari paydo bo’lganida tez yordam sifatida me’dani 2% li soda yoki nimrang kaliy permanganat eritmasi bilan chayish, ichakni tozalashdan iborat. Regidron, Bektit preparati eritmasini ichirib turish kasallik og’irlashishining oldini oladi. Og’irroq hollarda disol, atsesol, trisol kabi suklujklar tomir orqali tomchilab quyiladi. Zarurat bo’lganida yurak-tomir sistemasi faoliyatini yaxshilaydigan dorilar yuboriladi. Oziq-ovqat tayyorlash korxonalari xizmatchilari ish jarayonida shaxsiy gigiyenaga qat’iy rioya qilishlari, Emizikli onalar go’dakni emizishdan oldin qo’li va ko’kragini sovunlab yuvishi kerak. Yoz kunlari go’daklar uchun ovqat faqat bir marta iste’mol qilishga yetarli qilib tayyorlanishi lozim. Ovqatga ishlatiladigan idishlar avval yuvilib, so’ngra qaynatilishi, ustiga toza doka yopib qo’yilishi lozim. Ro’zg’orda ishlatiladigan tez buziladigan mahsulotlar sovitkichda saqlanishi shart. Oshpazlar sanepid-stantsiya xodimlari tomonidan belgilangan muddatlarda tibbiy ko’rik va laboratoriya tekshiruvidan o’tib turishlari kerak. Shonosir Shovahobov.