Odil sudlov
Odil sudlov — haqiqiy holatni aniqlab, odamlar orasidagi, ular bilan jamiyat va davlat o’rtasidagi kelishmovchilik va nizolarni faqat sud tomonidan hal etib berilishi. Odil sudlovni amalga oshirish borasida sud mustaqil, uning faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga yo’l qo’yilmaydi va bunday aralashuv qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo’ladi. O’zbekiston Respublikasida sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlardan, siyosiy partiyalardan, boshqa jamoat birlashmalaridan mustaqil holda ish yuritadi. O’zbekiston Respublikasida sud tizimi 5 yil muddatga saylanadigan O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, O’zbekiston Respublikasi Oliy sudi, O’zbekiston Respublikasi Oliy xo’jalik sudi, Qoraqalpog’iston Respublikasi fuqarolik va jinoyat ishlari bo’yicha oliy sudlari, Qoraqalpog’iston Respublikasi xo’jalik sudidan, shu muddatga tayinlanadigan fuqarolik va jinoyat ishlari bo’yicha viloyat va Toshkent shahar sudlari, fuqarolik va jinoyat ishlari bo’yicha tumanlararo, tuman, shahar sudlari, harbiy va xo’jalik sudlaridan iborat. Odil sudlovni yuritishning konstitutsiyaviy, fuqarolik, xo’jalik, jinoiy va ma’muriy turlari belgilangan. Mustaqillik sharofati bilan Odil sudlovni amalga oshirish uchun sud vakolatlarida tub o’zgarishlar yuz berdi. “Sud to’g’risida” alohida qonun qabul qilindi (2000 yil 14 dekabr), sud vakolatlari xalqaro andozalarga mos keladigan darajada kengaytirilib, sudlar orqali inson huquqlarini va jamiyatning huquqiy negizlarini samarali himoya qilishga imkon beradigan shart-sharoitlar yaratilmoqda. Sud islohoti yo’sinida Odil sudlovni amalga oshirishning birmuncha takomillashtirilgan prosessual tartibi belgilandi, sudya kadrlar tanlash va joy-joyiga qo’yish borasida samarali tizimga asos solindi, sud prosessi ishtirokchilarining tengligi qonunda mustahkamlab qo’yildi. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaning sud hokimiyatiga bag’ishlangan qoidalari Odil sudlovni tashkil etish, sud organlarining davlat mexanizmidagi va jamiyatning siyosiy tizimdagi roli va o’rni haqidagi masalalarga doir Qonunchilik uchun negiz hisoblanadi. Prezident Islom Karimov uqtirganidek, sud islohotini chuqurlashtirish, hokimiyatning mustaqil va qaram bo’lmagan tarmog’i sifatida butun Odil sudlov tizimini demokratlashtirish — huquqiy davlatni mustahkamlashning yana bir muhim yo’nalishidir. Ijtimoiy turmushning demokratik instituti tariqasida sudning ahamiyati jiddiy ravishda oshirilishi zarur. G’afur Abdumajidov.