“Ochil dasturxon”
“Ochil dasturxon” — sehrli ertaklardan. Sharq xalqlari orasida keng tarqalgan. “Chol bilan kampir”, “Ochil, supram”, “ur, to’qmoq” — mazkur ertakning variantlari. Ertak syujeti tilsim asosiga qurilgan. Hikoya qilingan voqea-hodisalar “yo’qdan bor bo’lishga” asoslangan. Jodu kuchiga ega bo’lgan dasturxon badiiy detal sifatida kolliziya yaratadi va syujet davomida hal qiluvchi rol o’ynaydi. Tilsim vositalari amal qilganda, dasturxon ochilib, noz-ne’matlar paydo bo’ladi. “Ur, to’qmoq” variantida esa, qovoq ichidan to’qmoklar chiqib, cholning raqibini do’pposlaydi. Ertakda mehnatkash xalq ommasining to’q va farovon hayot haqidagi orzu umidlari aks etgan. “Ochil dasturxon”da tinchlik va shodlik ulug’lanib, egrilik va firibgarlik, zulm va zo’rlik kabi ijtimoiy illatlar fosh etiladi.