Osteomalyatsiya

Osteomalyatsiya (osteo… va Yunoncha malakia — yumshoqlik) — odam va hayvonlar (asosan, qoramollar)da uchraydigan kasallik. Bunda moddalar almashinuvi (ayniqsa, mineral moddalar almashinuvi) buzilib, ko’proq suyak to’qimasi zararlanadi (suyak yumshab qoladi) va deformasiyalanadi. Kasallikda suyak to’qimalarida ishqorlik fosfatazalar faolligi oshib, vitamin D metabolitining hosil bo’lishi to’xtab qoladi va bu skelet suyaklarida qayta qurilish ro’y berishiga olib keladi. Ayollarda, ayniqsa, homiladorlik davrida kuzatiladi. Bemorga servitamin ovkatlar buyuriladi. Hayvonlarda ozuqa rasionida kaltsiy, fosfor tuzlari, vitamin D yetishmasligi, oftobdan bahra oldirmaslik, yosh davrida qochirish Osteomalyatsiyaga sabab bo’ladi. Belgilari: hayvon bo’shashadi, ko’p yotadi, qaltiraydi, suyaklari yumshab mo’rtlashadi, chanoq, oyoq suyaklari qiyshayadi, tishi qimirlaydi, ishtahasi bo’g’iladi, suyak va bo’g’imlari og’riydi. Davosi: vitaminlarga, mineral moddalarga boy yem-xashak beriladi. Ratsionga suyak uni, fosforin, monokaltsiy fosfat, bor, osh tuzi, baliq moyi kerakli miqdorda qo’shiladi. Hayvonga sun’iy ultrabinafsha nur tushiriladi. Kasallikning oldini olish uchun hayvonlarni to’yimli va sifatli yem-xashak bilan boqish kerak.