ASQAROVA MAZLUMA

ASQAROVA MAZLUMA (1924.4.11, Toshkent) — o’zbek tilshunosi. O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan fan arbobi (1965). Filologiya fanlari Doktori (1963), professor (1965), Rossiya Federatsiyasi ta’lim akademiyasining muxbir a’zosi (1968). Toshkent pedagogika bilim yurti (1940), Toshkent pedagogika institutining o’zbek tili va adabiyoti fakulteti (1944) ni tugatgan. Shu institut (hozirgi Toshkent pedagogika universiteti) da o’qituvchi (1948— 52), dotsent (1957-63). O’zbek tilshunosligi kafedrasining mudiri (1952-57; 1964 yildan). Ilmiy faoliyati hozirgi o’zbek tilida ergashish formalari va ergashgan gaplarning tiplari mavzuiga bag’ishlangan. Asqarova o’rta maktablar uchun “O’zbek tili darsligi”, oliy o’quv yurtlari uchun “Hozirgi o’zbek adabiy tili” darsligi (1-qism, 1980; 2-qism, 1986) mualliflaridan.