Ovozsiz kino
Ovozsiz kino — kinematografning dastlabki rivojlanish davridagi nomi. Ovozsiz kino davrida filmning tuzilish xususiyatlari, o’ziga xos estetik jihatlari belgilandi. Badiiy filmlar mazmuni va voqealarning rivojlanib borish holati so’zsiz — faqat tasvir yordamida ochib berilardi. Dastlabki rivojlanish davridagi o’ziga xosligi uning aktyor ijrosi bilan bog’liq ifoda vositalari bo’lib, kadr tagiga voqeani tushuntirib beruvchi yozuvlar yozib borilgan. Asosiy ifoda vositalari 20-asrning 20-yillarida kino san’ati asoslari (kinematografik rejalar, suratga olish rakurslari, montajning almashinib turishi, yaxlit asar yaratish, unga loyiq talqin topish va boshqalar) ga suyangan holda ishlab chiqildi. Birinchi ovozsiz filmlar rejissyorlari frantsuz aka-uka Lyumerlar (hujjatli) va J. Meles (fantastik ertak) jahon kinosining bosh yo’nalishini belgilab berdi. Ovozsiz kinoni frantsuz “Avangard”lari, nemis ekspressionizm vakillari, shuningdek, D. Griffit, Ch. Chaplin, R. Flaerti kabi Amerika kinorejissyorlari olib bordilar. A. Nilsen, B. Kiton, M. Linder, Ch. Chaplin, M. Pikford va boshqalar. Ovozsiz kinoning yetakchi aktyorlari bo’ldi. O’zbekistonda Ovozsiz kino davri 1925-35 yillarni o’z ichiga oladi. “Soyabon arava”, “Ravot qashqirlari”, “ikkinchi xotin”, “Yuksalish” va boshqa dastlabki ovozsiz filmlardir. S. Xo’jaev, E.Hamroev, N. G’aniev, K. Yormatov, R. Pirmuhamedov, Y. A’zamov, Z.Shokirova, M.Ja’farova kabi san’atkorlar Ovozsiz kino davrida milliy kinoning shakllanishida muhim rol o’ynaganlar.